add

«2030 yilga qadar mutlaq kambag‘allikka barham berishga imkoniyatimiz bor» — Mirziyoyev

17.09.2025 | 14:006196

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumda nutq so‘zlab, mahallabay ishlash tizimi, yangi dasturlar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka barham berish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.

«2030 yilga qadar mutlaq kambag‘allikka barham berishga imkoniyatimiz bor» — Mirziyoyev
Bugun Namanganda o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mahallabay ishlash tizimi, xotin-qizlar va yoshlar dasturlari, infratuzilma loyihalari hamda xalqaro hamkorlik orqali 2030 yilga qadar mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi. Bu haqda prezident axborot xizmati хабар berdi. Mahallabay ishlash tizimi Prezident mahallabay ishlash tizimi o‘zini to‘liq oqlaganini qayd etdi. Har bir xonadon va oila bilan individual reja asosida ishlanib, odamlarning daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratilmoqda. Mahallalarni obod qilish va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga yiliga 2,5–3 milliard dollar yo‘naltirilmoqda. Yer taqsimoti va qishloq aholisini qo‘llab-quvvatlash 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, aholiga 30–50 sotixdan yer ajratish amaliyoti joriy etildi. Bu chora 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Lider tadbirkorlar ko‘magida serdaromad ekinlar yetishtirish va ularni kafolatli sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yangi dastur va doimiy ish o‘rinlari Hozirda yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi amalga oshirilmoqda. Prezident so‘zlariga ko‘ra, aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki barqaror ish joylari yaratish ustuvor vazifa qilib belgilangan. Sakkiz yil ichida 700 ming tadbirkor o‘z biznesiga ega bo‘ldi. Faqat 2025 yilning o‘zida 270 mingdan ortiq kambag‘al oila a’zosi doimiy ish bilan ta’minlandi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash Xotin-qizlarga oliygohlarda foizsiz kredit va magistraturada bepul ta’lim imkoniyatlari berildi. Bugun talabalarning 53 foizi xotin-qizlardir. Joriy yilda 1,7 million ayol ishli bo‘ldi. «Raqamli avlod qizlari» dasturi doirasida 50 ming qiz axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitiladi. Tibbiy xizmat va ijtimoiy himoya 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirildi, ular yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi kengaytirilib, kambag‘al oilalarning tibbiy xarajatlari ikki barobarga qisqartiriladi. Har bir tuman va shaharda «Inson» markazlari tashkil qilinib, aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Infratuzilmani rivojlantirish 3,5 million aholi yashaydigan mingdan ortiq og‘ir mahallalarda infratuzilma yaxshilanmoqda. Shu yilning o‘zida 470 ming xonadon suv bilan, 790 ming xonadon elektr ta’minoti bilan ta’minlandi. Kelgusi yilda 400 million dollar ajratilib, 328 ta og‘ir mahallada yirik loyihalar amalga oshiriladi. Yangi moliyaviy arxitektura tashabbusi Prezident Mirziyoyev xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi. Shuningdek, 2026 yilda Xivada yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Prezident so‘zining yakunida: «Inson qadrini ulug‘lash va kambag‘allikni qisqartirish – Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlarning zamiri. Biz bu yo‘ldan ortga qaytmaymiz», – dedi.

Teglar

Mavzuga oid