3-oktabrdan Toshkent viloyatida suv va kanalizatsiya narxi oshadi
Toshkent viloyatida 3-oktabrdan aholi va ayrim tashkilotlar uchun ichimlik suvi hamda oqova suv xizmatlari tariflari oshiriladi.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026 yil 3-oktabrdan Toshkent viloyatida aholi uchun ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qimmatlashadi. Bu xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Yangi tarifga ko‘ra, aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvi narxi QQS bilan 2 912 so‘mdan 3 472 so‘mga ko‘tariladi.
Oqova suv xizmati tarifi esa 1 456 so‘mdan 1 680 so‘mga oshadi.
Shu tariqa, 1 kub metr ichimlik suvi narxi 560 so‘mga, oqova suv xizmati esa 224 so‘mga qimmatlaydi.
Korxonalar uchun tarif qancha bo‘ladi?
Budjet va ulgurji tashkilotlar uchun ham yangi tariflar belgilangan.
Ularga 1 kub metr ichimlik suvi 17 920 so‘m, oqova suv xizmati esa 4 480 so‘m etib belgilangan.
Suv hisoblagichi yo‘q xonadonlar nima qiladi?
Suv hisoblagichi o‘rnatilmagan xonadonlar uchun to‘lovlar belgilangan me’yor asosida hisoblanadi.
Bunda belgilangan me’yorga 1,5 baravar oshirilgan koeffitsiyent qo‘llanadi.
Nega tariflar oshirilmoqda?
Tariflarning oshirilishi elektr energiyasi narxining o‘sishi, ish haqi va soliqlar bilan bog‘liq xarajatlarning ortishi, shuningdek, suv inshootlarini modernizatsiya qilish xarajatlari ko‘paygani bilan izohlangan.
Ma’lum qilinishicha, hozir viloyatdagi 862 ta suv inshootining qariyb 23 foizi ta’mirtalab holatda.
Kelgusi besh yilda suv ta’minoti infratuzilmasini yangilash va qamrovni kengaytirish uchun 7,88 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu mablag‘lar hisobidan markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti qamrovini 95 foizga, kanalizatsiya tarmog‘i qamrovini esa 45 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.





