
«Afrosiyob» tezyurar poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati sodir etildi
14.08.2025 | 19:0038452
Samarqand viloyatida 2025 yil yanvarda yuz bergan «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga qo‘poruvchilik harakati uchun ikki nafar temiryo‘l xodimi sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

2025 yil 14 yanvar kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga nisbatan qo‘poruvchilik harakati amalga oshirilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil dekabrida ish lavozimi qisqartirilganidan norozi bo‘lgan sobiq brigadir o‘zining hamkasbi bilan jinoiy reja tuzgan.
Ma’lum qilinishicha, ular 110 kilogramm og‘irlikdagi temir-beton shpalni relslar ustiga ko‘ndalang holatda qo‘yib, voqea joyidan qochgan. Oradan 15 daqiqa o‘tgach, 159 km/soat tezlikda harakatlanayotgan va jami 148 yo‘lovchi tashib ketayotgan poyezd shpal bilan to‘qnashgan. Buning natijasida poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi qonunbuzarlarni aybdor deb topib, biriga 13 yil, ikkinchisiga 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Sud hukmiga ko‘ra, «Afrosiyob» poyezdiga yetkazilgan 260 million so‘m zarar davlat foydasiga undirilgan.





