
«Agar Rossiya G8 dan haydalmaganida Ukraina urushi bo‘lmasdi» — Donald Tramp
17.06.2025 | 09:0031994
AQSH prezidenti Donald Tramp G7 sammitida qilgan bayonotida, agar 2014 yilda Rossiyani «Katta sakkizlik»dan chiqarishmaganida, Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirmas edi, deb hisoblashini bildirdi. U Rossiyani G8dan chiqarishni «katta siyosiy xato» deb atadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 16 iyun kuni Kanadada bo‘lib o‘tayotgan G7 sammiti doirasida qilgan chiqishida Rossiyani G8 dan chiqarish qarorini tanqid qildi. Uning fikricha, 2014 yilda Rossiya «Katta sakkizlik»dan chetlatilmaganida, hozir Ukrainadagi urushning oldi olingan bo‘lar edi, deb yozmoqda Reuters.
«Bu guruh avval G8 edi. Obama va Tryudo familiyali bir inson Rossiyani u yerdan haydashni istashdi. Menimcha, bu katta xato bo‘lgan. Agar Rossiya hamon G8da bo‘lganida, bugungi urush bo‘lmas edi», — dedi Tramp. U, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin faqat u bilan muloqot qilishini aytib, buni «chunki u G8’dan haydalishni juda qattiq tahqirlanish sifatida qabul qilgan», deya tushuntirgan.
Trampning ta’kidlashicha, Putin uningcha dushman emas va u vaqtda bunday tarzda qaralmagan. «Siz o‘zingiz bilan bir joyda dushman o‘tirganini bilsangiz, u bilan qanday muloqot qilishingiz mumkin?» — deya izohladi u.
Shu bilan birga, Tramp Rossiyani G7ga qaytarish ehtimoli pastligini tan oldi. «Juda ko‘p vaqt o‘tib ketdi», — dedi u. Biroq u Xitoyni G7ga taklif qilish g‘oyasini «unchalik yomon emas», deb baholadi.
Ma’lumot uchun, 2014 yilda Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqida urush boshlanganidan so‘ng G8 a’zolari Rossiyani bir tomonlama «sakkizlik»dan chiqargan edi. O‘shandan beri tashkilot G7 nomi ostida faoliyat yuritmoqda.
Tramp avval ham Rossiyani G7ga qaytarishni taklif qilgan. 2020 yilda u bu tashabbusni «sog‘lom niyat» deb atagan bo‘lsa-da, Fransiya, Germaniya va Kanada kabi a’zo davlatlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 1997 yilda G8 tarkibiga kiritilgan edi, ammo bu maqomini 2014 yilda yo‘qotgan.





