add

«Ahvoli abgor». Alisher Qodirov Transport vazirligini qattiq qoraladi

08.09.2025 | 19:4030614

«Qachon samolyot va poyezdlarimizga bemalol chipta sotib olish imkoni bo‘ladi? Samolyotlar soni qachon ko‘paytiriladi?», - deya so‘radi u.

«Ahvoli abgor». Alisher Qodirov Transport vazirligini qattiq qoraladi
«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Transport vazirligini tanqid ostiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar samolyot va poyezd chiptalarini bemalol xarid qila olmayapti, aviareyslar soni kamligi esa turizm rivojiga to‘siq bo‘lib qolmoqda. Alisher Qodirov «Uzbekistan Airways» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatlari yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha yetarli chora ko‘rmayotganini qayd etdi. «Qachon samolyot va poyezdlarimizga bemalol chipta sotib olish imkoni bo‘ladi? Samolyotlar soni qachon ko‘paytiriladi? Yurtimizning tarixiy va turistik shaharlariga sayyohlar kelyapti, ammo buning uchun infratuzilma yetarli emas. Turistik shaharlarimizga xohlagan paytda samolyotda keta olish imkoni yo‘q, chunki har kunlik reys mavjud emas. Yo‘lovchi oqimi ko‘p, ammo sharoit yetarli emas. Transport vazirligi turizm rivojiga yetarli darajada hissa qo‘shmayapti. Bu borada uzoq yilga mo‘ljallangan strategiyasi ham mavjudligiga shubhamiz bor», - dedi u. Shuningdek, Qodirov ayrim turistik yo‘nalishlardagi infratuzilma ahvoliga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, ko‘p ming yillik tarixga ega Sarmishsoyga olib boradigan yo‘lning ahvoli abgorligi misol sifatida tilga oldi. «Bundan tashqari, ayrim turistik ob’ektlarga olib boradigan transport yo‘llarining ahvoli abgor holatda. Masalan, ko‘p ming yillik tarixga ega Sarmishsoyga boradigan yo‘l achinarli. Bu kabi muammolarni bartaraf etish turizm imkoniyatlarimizni yanada oshiradi. Buning uchun Turizm qo‘mitasi ham tashabbuskor bo‘lishi lozim», - dedi fraksiya rahbari. Shuningdek, yig‘ilishda Madaniy meros agentligiga ajratilgan mablag‘larning 59 foizi o‘lashtirilgani, muzeylar moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun o‘zlashtirilgan mablag‘ esa atigi 18 foizni tashkil qilgani aytilib, agentlik vakillaridan izoh so‘raldi.

Teglar

Mavzuga oid