
Ali Xomanaiy o‘z o‘rniga uchta voris nomzodni tanlab qo‘ydi: ular orasida o‘g‘li yo‘q
22.06.2025 | 14:004575
Isroil hujumlari ortidan xavfsizligidan xavotir olgan ayatullo Ali Xomanaiy o‘z o‘limi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U vorislik uchun uch nomzodni belgilagan va hatto hukumat tarkibidagi ehtiyot o‘rinbosarlarni ham tayinlab qo‘ygan.

The New York Times manbasiga ko‘ra, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilning yadroviy infratuzilmaga qaratilgan harbiy amaliyoti ortidan hayotiga xavf sezmoqda. Shu sababli u o‘z o‘limi holatida hokimiyatning barqaror tarzda o‘tishi uchun uchta voris nomzodini tanlab qo‘ygan. Kutilayotganidan farqli o‘laroq, ular orasida uning o‘g‘li Mo‘jtabo Xomanaiy yo‘q.
Mo‘jtabo Xomanaiyning dindorligi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan yaqin aloqalari bor. Ammo 86 yoshli oliy rahbar unga ustunlik bermagan. Manbalarga ko‘ra, Xomanaiy so‘nggi kunlarda yerosti bunkerida yashamoqda va aloqani faqat ishonchli shaxslar orqali olib bormoqda. Barcha elektron uskunalar xavfsizlik maqsadida o‘chirilgan.
Oyatulloh hokimiyatning tez va muvofiq tarzda vorisga o‘tishi uchun ekspertlar kengashi organiga uch nomzoddan birini shoshilinch tanlashni topshirgan. Bu jarayon odatda oylab davom etadi, ammo harbiy sharoit sababli uni tezlashtirish talab qilinmoqda. Shu bilan birga, Xomanaiy hukumatdagi yuqori lavozimlarga ham ehtiyot nomzodlarni belgilab qo‘ygan.
Eron rasmiylari ichki xavfsizlikda ham tahdid borligini aytmoqda. Ularga ko‘ra, Isroil josuslari va mahalliy hamkorlar mamlakatda dronlar orqali strategik ob’ektlarga hujum qilmoqda. Bu esa xavfsizlik idoralari va shaxsan Xomanaiyni jiddiy tashvishga solgan.
Ichki va tashqi tahdidlar fonida Eron razvedka vazirligi yuqori amaldorlarga mobil qurilmalardan foydalanishni ta’qiqladi. Ularga vaqtincha yerosti boshpanalarida qolish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Asosiy xavotirlar — Xomanaiyga suiqasd, AQSHning bevosita aralashuvi va neft zavodlari hamda elektrostansiyalarga hujumlardan iborat.
20 iyun kuni Jenevada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning Yevropa davlatlari bilan muzokaralari yakunlandi. Biror muvaffaqiyat qayd etilmagan. AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralarga nisbatan ehtiyotkor fikr bildirib, Eronga ikki hafta muhlat berdi. U yangilangan yadroviy kelishuvni talab qilmoqda, ammo bu muhlatdan keyin harbiy aralashuv bo‘ladimi — aniq aytmadi.
Bu vaqtda Isroil Eronning yadroviy ob’ektlarga qarshi keng ko‘lamli hujumlar tashkil qilmoqda. Vashingtonda esa Tramp tomonidan tasdiqlangan, ammo amalga oshirilmagan zarba rejasi muhokama qilinmoqda. Bunkerlarni teshib o‘tuvchi GBU-57 bombalarining samaradorligi shubha ostida ekani bois, uni Isroilga taqdim etish qarori kechiktirilgan.





