add

Aliment talab qilgan onani sobiq eri «Damas»da urib ketdi

09.10.2025 | 12:2030385

Navoiyda erkak ajrashgan xotinini alimentdan voz kechmagani uchun mashinada urib ketdi. Ayol og‘ir jarohat olib, falaj bo‘lib qolgan.

Aliment talab qilgan onani sobiq eri «Damas»da urib ketdi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida sodir bo‘lgan jinoiy voqea jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Erkak to‘rt nafar farzandi uchun aliment to‘lashdan bosh tortib, turmush o‘rtog‘ini Damas avtomashinasida qasddan urib ketgan. Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi qaroriga tayanib zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi Zamira yillar davomida turmush o‘rtog‘i Shahriyor tomonidan zo‘ravonlikka uchrab kelgan. Sud 12 avgust kuni ajrashish ishini ko‘rib chiqib, Shahriyorni farzandlari uchun aliment to‘lashga majbur etgan. Bir kun o‘tib, 13 avgust kuni Shahriyor telefon orqali Zamiradan alimentdan voz kechishni talab qilgan va rad javob olgach, «mendan yaxshilik kutma» deb tahdid qilgan. Ertasi kuni erkak Damas avtomashinasida yo‘l chetida ketayotgan Zamirani urib yuborgan. Natijada u og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan — umurtqasi singan, belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan. Hozirda ayol og‘ir ahvolda davolanmoqda, yaqinlari esa jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ yo‘qligidan qarzga kirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, aybdor shaxs jabrlanuvchiga yordam berishdan bosh tortgan. Tergov organlari unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan — bu modda transport vositasi harakati xavfsizligini buzish bilan bog‘liq bo‘lib, uch yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Biroq tergov hozircha voqeani qasddan urib ketish sifatida baholamagan. Aybdor erkak hibsga olinmagan va hozir ham jabrlanuvchiga tahdid qiluvchi xabarlar yozishda davom etayotganligi aytiladi. «Bu holat O‘zbekistonda ayollarni himoya qilish tizimi haqida ko‘plab savollar tug‘diradi. Nega ayollar oiladagi zo‘ravonlikdan qochishga urinib, hayotlarini xavf ostiga qo‘yishga majbur? Nega Shahriyorga o‘xshagan erkaklar aliment to‘lamaslik uchun o‘ldirishga tayyor bo‘ladigan darajada mas’uliyatsiz va jazosiz? Nega voqea xronologiyasi va aniq sababga qaramay, tergovchilar urib qochishni uning xotinini o‘ldirishga urinish sifatida qaramay baxtsiz hodisa deb hisoblamoqda? Nega ayol va uning yaqinlari qo‘rquvda va yordamsiz yashashlari kerak?» — deb yozmoqda Nemolchi.

Teglar

Mavzuga oid