
«Amerika ovozi» barcha xodimlarini ushbu haftada ishdan bo‘shatishi mumkin
29.05.2025 | 18:2022883
Politico ma’lumotiga ko‘ra, AQSHning davlatga qarashli Voice of America (VOA) axborot tarmog‘i qolgan 800 nafar doimiy xodimni ham yaqin kunlarda ishdan bo‘shatishi mumkin. Bu jarayon Tramp ma’muriyati boshlagan qisqartirishlarning davomi sifatida baholanmoqda.

Politico nashrining xabar berishicha, AQSHning xorijiy axborot tarqatish xizmati hisoblangan Voice of America agentligida qolgan 800 nafar shtatdagi xodim bu hafta ishdan bo‘shatilishi mumkin. Bu agentlik ichidagi manbalarga tayanib tarqatilgan ma’lumot bo‘lib, protsess barcha xodimlarni qamrab olishi ehtimolidan dalolat beradi.
Mazkur qisqartirishlar AQSHning Global media agentligi (USAGM)ga tegishli bo‘lgan Voice of America’ni deyarli to‘liq yopish bilan yakunlanishi mumkin. Aniqlanishicha, agentlik amalda mart oyidayoq faoliyatini to‘xtatgan va bu Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan qabul qilingan qisqartirishlar farmoni bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil may oyida Voice of America tarkibida faoliyat yuritgan 600 nafar shartnoma asosidagi xodim ham ishdan bo‘shatilgan edi. Ushbu bosqichda doimiy shtatdagi xodimlarga ham tegishi kutilmoqda.
Agentlikdagi ba’zi ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon axborot tarmog‘ini butunlay yopishga olib kelishi mumkin. VOA dunyo bo‘ylab AQSH nuqtai nazarini yorituvchi asosiy axborot resurslaridan biri edi.
Hozircha rasmiy izohlar berilmagan. Ammo mutaxassislar bunday keng qamrovli qisqartirishlarni siyosiy qarorlar va moliyaviy resurslarni qayta taqsimlash bilan bog‘lashmoqda.





