
Amirsoy, Chimyon va Bildirsoyga olib boruvchi yo‘l bir tomonlama qilindi
Bo‘stonliq tumani hokimining buyrug‘iga ko‘ra, endi tog‘ tomonga bir yo‘nalishdan chiqiladi, boshqa yo‘l orqali qaytiladi.

Bugun, 2-yanvar kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskanlariga olib boruvchi ayrim avtomobil yo‘llarida harakat bir tomonlama tashkil etildi. Bu haqda Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiy axborot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu chora tog‘li hududlarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari va tirbandliklarning oldini olish maqsadida joriy etilgan. Xususan, Amirsoy, Chimyon va Bildirsoy kabi mashhur dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarida transport vositalarining harakati vaqtincha bir tomonlama yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 4R6 Toshkent–Chirchiq–Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan boshlab 92-kilometrigacha bo‘lgan qismida, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutash nuqtaga qadar harakat bir tomonlama tashkil etilgan. Bu hududda transport oqimining ko‘payishi inobatga olingan holda maxsus harakat rejimi amal qiladi.
Bo‘stonliq tumani hokimligining tegishli farmoyishiga muvofiq, haydovchilar uchun yo‘lda harakatni oson anglash maqsadida qo‘shimcha yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Jumladan, taqiqlovchi, buyuruvchi va axborot beruvchi belgilar, shuningdek “bir tomonlama harakatli yo‘l” hamda “bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri” belgilarini ko‘rish mumkin.
Harakatlanib kirish taqiqlangan qismlarda “kirish taqiqlanadi” yo‘l belgisi o‘rnatilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi barcha haydovchilar va harakat ishtirokchilarini yo‘l-patrul xizmati xodimlarining ishoralari, yo‘l belgilari va chiziqlar talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.





