
Andijonda o‘smir do‘stini pichoqlab o‘ldirdi
Buloqboshi tumanida 17 yoshli o‘smir va uning tanishi o‘rtasida kelib chiqqan janjal fojiali yakunlandi.

Andijon viloyatida voyaga yetmagan shaxs o‘z tanishini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojia 2026 yil 6-fevral kuni Buloqboshi tumani hududida yuz bergan. 17 yoshli o‘smir avvalroq o‘ziga tanish bo‘lgan yoshiga teng yigit bilan o‘zaro kelishmovchilikka borgan. Ilgari kelib chiqqan nizo janjalga aylangan. Mojaro vaqtida gumonlanuvchi xo‘jalikda ishlatiladigan pichoqdan foydalangan holda jabrlanuvchiga bir necha marotaba tan jarohati yetkazgan. Og‘ir jarohatlar oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi — qasddan odam o‘ldirish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi voyaga yetmagan bo‘lishiga qaramay, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.





