
Angrenda sintetik metan ishlab chiqaruvchi birinchi qurilma ishga tushirildi
02.06.2025 | 16:4046053
Toshkent viloyatidagi Angren shahrida O‘zbekistonda ilk bor sintetik metan ishlab chiqaruvchi qurilmalar ishga tushirildi.

O‘zbekistonda sintetik metan ishlab chiqarish bo‘yicha ilk loyiha amalga oshirildi. «Hududgazta’minot» AJ va Yaponiyaning «ITO Corporation» kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Toshkent viloyatining Angren shahridagi «Yangiobod» mahallasini pilot hudud sifatida tanlab olindi.
Loyiha doirasida «ITO Corporation» tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy texnologiyalar asosida propan va havo aralashmasidan sintetik metan gazini oluvchi qurilmalar o‘rnatildi. Mazkur texnologiya sinov tariqasida ishga tushirilib, mahalladagi bir nechta ko‘p qavatli uylarni gaz bilan ta’minlashda qo‘llanildi.
Loyihaning asosiy maqsadi — mamlakatda energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish hisoblanadi. Ushbu tashabbus Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgani ham loyiha ahamiyatini oshiradi.
Hozirda «Hududgazta’minot» AJ va Yaponiya kompaniyasi mazkur texnologiyani respublika bo‘ylab keng joriy etish va amaliyotni ommalashtirish yuzasidan ish olib bormoqda. Kelgusida loyiha doirasida yana ko‘plab hududlarda shunday qurilmalar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Bunday loyihalar O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi.





