
Angrendagi YTH 7 kishining umriga zomin bo‘ldi
07.09.2025 | 20:473654
Sement tashuvchi yuk avtomobili haydovchi nazoratni yo‘qotishi oqibatida yo‘lda to‘xtab turgan ikki yuk avtomobili va beshta yengil transport vositasi bilan to‘qnashgan.

Bugun, 7 sentyabr kuni soat 12:20 da Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent—O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro A.R. boshqaruvidagi 2020 yilda ishlab chiqarilgan «Shacman» rusumli sement tashuvchi yuk avtomobili haydovchi nazoratni yo‘qotishi oqibatida yo‘lda to‘xtab turgan ikki yuk avtomobili va beshta yengil transport vositalari bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qurbonlardan biri yonayotgan yuk mashinasidan tushishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Keyinroq mashina yonib ketgan.
To‘qnashuv vaqtida yong‘in kelib chiqqan, voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida yong‘in o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida 7 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 5 nafari turli tan jarohatlari olgan. Jarohatlangan fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan, shuningdek 4 nafar fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan.
«Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda», - deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Baxtsiz hodisa avtomagistral qismidagi harakatning to‘liq to‘xtab qolishiga olib keldi. «Toshkent — Ohangaron — Angren — Qo‘qon — Shahrixon — Andijon» avtomobil yo‘lining 93−94-kilometrlarida har ikki yo‘nalishda — «Toshkent — Fag‘ona vodiysi» va teskari tomonda katta tirbandlik yuzaga keldi.





