
AQSH Davlat kotibi USAIDning xorijdagi xodimlarini ishdan bo‘shatishni buyurdi
12.06.2025 | 13:3032712
Marko Rubio 30 sentyabrgacha barcha xodimlarning ishdan bo‘shatilishini talab qilmoqda.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio USAID – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining xorijdagi barcha xodimlarini ishdan bo‘shatish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berdi. Bu haqda ABC News manbasi ma’lum qildi.
Rubioning topshirig‘iga ko‘ra, AQSHning dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan elchixonalari 30 sentyabrga qadar agentlikning qolgan barcha xodimlarini ishdan bo‘shatish jarayonini yakunlashi kerak. Shu orqali USAIDning tashqi yordam dasturlari Davlat departamenti zimmasiga o‘tadi.
Ayni paytda, federal sudya prezident Donald Trampning ommaviy ishdan bo‘shatish haqidagi farmonini vaqtincha to‘xtatib turdi. Da’vogarlar fikricha, Rubioning agentlikni qayta tashkil etish rejasi ushbu sud qarorini inkor etishga teng.
USAIDni tugatish va uning 10 mingdan ortiq xodim va pudratchilarini ishdan bo‘shatish Tramp ma’muriyatining hukumat tizimini optimallashtirish yo‘lidagi eng keskin qadamlaridan biri bo‘lmoqda. Bu jarayon AQSHning xalqaro yordam siyosatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishini anglatishi mumkin.





