
AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor 37 trln dollardan oshdi
13.08.2025 | 11:0044803
AQSH Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat qarzi 37 trln dollardan oshib, mutlaq rekord qayd etildi. Mutaxassislar qarz o‘sishi davom etishini taxmin qilmoqda.

AQSH davlat qarzi mamlakat tarixida ilk bor 37 trln dollardan oshdi. Moliya vazirligi 11 avgust holatiga ko‘ra davlat qarzi aniq miqdorini — 37 004 817 625 842,56 dollar, deb e’lon qildi. Bu haqda rasmiy ma’lumot vazirlikning veb-saytida joylashtirilgan.
Oxirgi marta davlat qarzi 36 trln dollar chegarasini o‘tganiga ham bir yildan kam vaqt bo‘ldi — 2024 yil 16 noyabrda ushbu ko‘rsatkichga erishilgan edi. Moliyaviy kuzatuvchilarga ko‘ra, qarz miqdorining bunday tez sur’atda o‘sishi AQSH byudjeti defitsiti va davlat xarajatlari yuqoriligi bilan bog‘liq.
Joriy yil iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp davlat qarzi chegarasini to‘liq bekor qilish taklifini ilgari surgan. Uning fikricha, limitni olib tashlash iqtisodiy inqirozning oldini olishga yordam beradi. Tramp bu chorani mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun zarur deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, AQSH Kongressi prognoziga ko‘ra, kelasi o‘n yil ichida davlat qarzi 50 trln dollardan oshib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 120 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qilishi mumkin. Mutaxassislar bunday vaziyat moliya bozorlari va milliy iqtisodiyot uchun jiddiy xavflar tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent esa davlat qarzi bo‘yicha defoltga yo‘l qo‘yilmasligini bildirib, hatto qarz limiti bo‘yicha qaror qabul qilinmasa ham mamlakat o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etishini ta’kidladi.





