add

AQSH Rossiya gazini «so‘nggi molekulasi»gacha Yevropadan yo‘qotmoqchi — Financial Times

Amerika rasmiylari Yevropa va Osiyoda Rossiya energiyasini bosqichma-bosqich to‘xtatish harakatida. Rossiya esa o‘z energetikasini barqaror deb hisoblamoqda.

AQSH Rossiya gazini «so‘nggi molekulasi»gacha Yevropadan yo‘qotmoqchi — Financial Times

Financial Times nashrining yozishicha, AQSH rasmiylari Yevropaning bir qator mamlakatlariga tashriflar uyushtirib, Rossiya gazi o‘rniga Amerikada ishlab chiqarilgan yoqilg‘i yetkazib berishni faol targ‘ib qilmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Vashingtonning maqsadi — Rossiya gazini «so‘nggi molekulasi»gacha Yevropadan siqib chiqarishdir.

Bu kampaniya neft treyderi «Gunvor» kompaniyasining Rossiyaning sanksiyadagi «Lukoil» kompaniyasi aktivlarini sotib olish urinishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. FTʼning yozishicha, bu holat «Gunvor» uchun muammolarni keltirib chiqardi. Chunki OAVlar kompaniyaning Rossiya bilan o‘tmishdagi aloqalariga e’tibor qaratgan.

Gunvor bir vaqtlar rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenkogo tegishli bo‘lgan. U 2014 yilda AQSH sanksiyalaridan bir kun oldin 43,5 foizlik o‘z ulushini shved hamkori Torbyorn Tornkvistga sotgan. bugungi kunda Tornkvist kompaniyaning 86 foiz aksiyasiga egalik qiladi va kuzatuv kengashiga rahbarlik qiladi.

Shunga qaramay, AQSH rasmiylari «Gunvor» kompaniyasi borasida ehtiyotkor munosabatda bo‘lib qolmoqda. AQSH Davlat departamentining sobiq sanksiyalar koordinatori Daniel Fridning ta’kidlashicha, «Gunvor» Putin davrida Rossiya bilan tanish bo‘lgan har qanday shaxsga yaxshi ma’lum edi.

Shu bilan birga, AQSH rasmiylari Yevropa ittifoqi davlatlariga rasman Rossiya neft va gazini xarid qilishni to‘xtatishni talab qilmoqda. AQSH Ichki ishlar vaziri Dag Burgumning so‘zlariga ko‘ra, Amerika delegatsiyalari muzokaralarda doim Rossiya va Eronning energiya manbalarini cheklashni ta’kidlab o‘tmoqda.

AQSH Energetika vaziri Kristofer Rayt sentabr oyida bayonot berib, Yevropaning 2026 yil oxirigacha Rossiya gazini har qanday shaklda sotib olishni to‘xtatishini ma’lum qilgan. «2027 yil 1-yanvardan boshlab Yevropa bozorida Rossiya gazi bo‘lmaydi», — degan vazir.

Faqat Vengriya uchun istisno qilingan. Budapesht bu imtiyoz muddatsiz deb hisoblayotgan bo‘lsa, Vashington uning muddati bir yil deb ta’kidlamoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa noyabrdagi chiqishida sanksiyalar Rossiya neftini xalqaro bozorda qisqartirayotganini tan oldi. Bu esa neft va neft mahsulotlari narxi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, u: «Biz o‘zimizni ishonchli va barqaror his qilmoqdamiz. Yo‘qotishlar bo‘ladi, albatta, ammo bu ko‘plab omillarga bog‘liq», — deya ta’kidlagan edi Putin.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH Rossiya gazini «so‘nggi molekulasi»gacha Yevropadan yo‘qotmoqchi — Financial Times | Vaqt.uz