
AQSH Venesuela va Kubada rejimni almashtirish imkoniga ega — WSJ
WSJ tahliliga ko‘ra, AQSH va ittifoqchilar Venesuela hamda Kubadagi diktaturalarni bartaraf etish uchun tarixiy imkoniyatga ega.

The Wall Street Journal nashri tahliliga ko‘ra, G‘arbiy yarimshardagi demokratiyalar Venesuela va Kubadagi ikki yirik avtoritar rejimdan xalos bo‘lish uchun noyob siyosiy fursatga duch kelgan. Nashr ta’kidlashicha, AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan qilingan qat’iy va muvofiqlashtirilgan harakatlar ushbu mamlakatlar taqdirida hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.
Venesuelada prezident Nikolas Maduro oppozitsiyaga bosimni keskin kuchaytirmoqda. Xususan, muxolifatdagi prezident deb e’tirof etilayotgan Edmundo Gonsalesning qarindoshlaridan biri 30 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Nodavlat tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, 15-dekabr holatiga mamlakatda qariyb 900 nafar siyosiy mahbus saqlanmoqda. Muxolifat yetakchisi va Nobel tinchlik mukofoti sohibi Mariya Korina Machado esa siyosiy mahbuslarga nisbatan suddan tashqari qatl tahdidlari mavjudligini bildirdi.
Kubada ham vaziyat o‘ta og‘ir. Mamlakat iqtisodiyoti tanazzulga uchragan, infratuzilma yemiralgan, aholi esa suv, uy-joy va dori-darmon tanqisligidan aziyat chekmoqda. 60 yildan ortiq vaqtdan beri hokimiyatda turgan rejim fuqarolik institutlari va erkinliklarni amalda yo‘q qilgan. WSJʼning qayd etishicha, Xitoy va Rossiya Kubani Amerika qit’asidagi geosiyosiy ta’sirini kengaytirish uchun foydalanishda davom etmoqda.
Nashrga ko‘ra, agar Venesuela va Kubada diktatorlik tuzumlari ag‘darilsa, legitim muxolifat yetakchilari davlat boshqaruvini birinchi kundan qo‘lga olish imkoniga ega bo‘ladi. Biroq Venesuelaga humanitar inqirozni yengib o‘tish, iqtisodiyotni barqarorlashtirish va davlat institutlarini tiklash uchun keng ko‘lamli xalqaro yordam zarur bo‘ladi.
Kubada esa siyosiy-iqtisodiy tizimni tubdan isloh qilish talab etiladi. AQSH va uning ittifoqchilari oldidagi asosiy vazifa — bevosita harbiy aralashuvsiz, mahalliy tashkilotlar va fuqarolik jamiyatiga tayangan holda o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Ekspertlar fikricha, hozirgi vaziyat o‘ziga xos va takrorlanmas. Kechikish rejimlarni yanada mustahkamlab, tashqi o‘yinchilarning mintaqadagi mavqeini kuchaytirishi mumkin. Shu sabab Vashington va uning hamkorlari postrejim davri uchun aniq va puxta reja ishlab chiqishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.





