add

AQSHda bir kunda uch mingdan ortiq reys kechiktirildi

08.10.2025 | 21:3017993

AQSHda bir haftadan ortiq davom etayotgan hukumat shatdauni mamlakat aeroportlarida parvozlar kechikishiga sabab bo‘ldi.

AQSHda bir kunda uch mingdan ortiq reys kechiktirildi
Reuters agentligi ma’lum qilishicha, aviareyslarni boshqarishdagi xodimlar yetishmasligi tufayli 7 oktyabr kuni butun mamlakat bo‘ylab 3 mingdan ortiq reys belgilangan vaqtda amalga oshirilmadi. Eng ko‘p kechikishlar Xyuston, Nashvill, Dallas, Chikago va Nyuark shaharlarida kuzatilgan. Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) ma’lumotlariga ko‘ra, 13 mingga yaqin aviatrafik dispetcheri va 50 mingga yaqin transport xavfsizligi xodimlari hukumat faoliyati to‘xtaganiga qaramasdan ishini davom ettirmoqda, biroq ularga maosh to‘lanmayapti. Bu holat ko‘plab xodimlarni ishga chiqmaslikka majbur qilgan. AQSH transport vaziri Shon Daffining ta’kidlashicha, ayrim hududlarda aviatrafik xodimlari soni shatdaun boshlanganidan beri 50 foizga kamaygan. «Biz xavfsizlikni ta’minlash uchun havodagi samolyotlar sonini qisqartirishga majburmiz», — dedi vazir Fox News telekanaliga bergan intervyusida. Hukumat shatdauni 1 oktyabr kuni Kongressdagi Respublikachi va Demokratlar partiyalari yangi moliyaviy yil uchun byudjet yuzasidan kelisha olmaganidan keyin boshlangan. Bu keyingi yetti yildagi birinchi shatdaundir. Muxolif tomonlar aybni bir-biriga yuklamoqda. Reuters ta’kidlashicha, AQSHda dispetcherlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammo so‘nggi o‘n yil ichida to‘planib kelayotgan bo‘lib, ko‘plab mutaxassislar shatdaundan oldin ham ortiqcha ish soatlari bilan faoliyat yuritgan.

Teglar

Mavzuga oid