AQSHning Saudiya nefti importi 1985-yildan beri ilk bor nolga tushdi
2026-yil boshida Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistonidan kuniga 800 ming barreldan ortiq neft import qilgan. Keyinchalik esa ushbu yetkazib berishlar to‘liq to‘xtatilgan.
© APAmerika Qo‘shma Shtatlari 1985-yildan beri birinchi marta Saudiya Arabistonidan neft import qilishni to‘liq to‘xtatdi. Iyul oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatga Saudiya neftidan birorta ham barrel yetkazib berilmagan. Bu haqda «Bloomberg» AQSH Energetika vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshida AQSH Saudiya Arabistonidan kuniga 800 ming barreldan ortiq neft import qilgan. Keyinchalik esa ushbu yetkazib berishlar to‘liq to‘xtatilgan. Bu holatga AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro hamda Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Saudiya nefti importi to‘xtagach, AQSH neftni qayta ishlash zavodlari boshqa manbalarga o‘tgan. Jumladan, ular mamlakatning o‘zida qazib olinayotgan yengil neft ulushini oshirgan, shuningdek, Venesueladan neft import qilishni ko‘paytirgan. Agar yil boshida Venesueladan kuniga taxminan 100 ming barrel neft keltirilgan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 600 ming barrelgacha yetgan.
Shu bilan birga, «Kpler» tahlilchilari avgust oyida AQSHga Saudiya neftini import qilish qisman qayta tiklanishi mumkinligini aytmoqda. Ularning baholashicha, yetkazib berish hajmi kuniga taxminan 300 ming barrelga yetishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi 20 yillik eng past darajaga tushgandi.





