
Avstraliya sentyabrda BMTda Falastinni davlat sifatida tan oladi
11.08.2025 | 13:4041914
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bu qaror Falastin ma’muriyatidan olingan kafolatlar asosida qabul qilinganini bildirdi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze 11 avgustdagi brifingda mamlakat sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastinni davlat sifatida tan olishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror Falastin ma’muriyatidan olingan muhim kafolatlar asosida qabul qilingan.
Albanezening ta’kidlashicha, Avstraliya hukumati Falastinning kelajakdagi davlat tuzilishida HAMAS tashkiloti ishtirok etmasligi shartligini qat’iy qo‘ygan. «Bu — biz talab qilgan va Falastin raisi Mahmud Abbos hamda ma’muriyatidan olgan kafolatlardan biri», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Bloomberg nashri.
Falastinni tan olish bo‘yicha xalqaro harakat so‘nggi bir yilda kuchaydi. 2024 yil may oyida Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya bu qarorni qabul qilgan edi. O‘shanda 193 ta BMT a’zosidan 143 tasi Falastinni rasman tan olgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston, Rossiya va Xitoy ham bor.
Joriy yil iyulida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham o‘z mamlakati sentyabrdagi BMT Bosh Assambleyasida Falastinni tan olishini ma’lum qildi. Shu yo‘ldan yana ikki davlat — Kanada va Buyuk Britaniya ham borishi kutilmoqda.
Isroil va uning asosiy hamkori — AQSH esa Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada qarorini qattiq tanqid qildi. Ular bu qadam Yaqin Sharqda tinchlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroil sport jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatish taklifi bilan chiqqani haqida xabar bergan edik. Bu chaqiriq G‘azo sektorida Isroil harbiy hujumida halok bo‘lgan Falastin milliy terma jamoasining sobiq a’zosi Sulaymon al-Ubayd o‘limi ortidan yangradi.





