add

Avtomobillar uchun ekostikerlarni onlayn olish mumkin

Kecha 15:152 daqiqa

O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stikerlarni my.gov.uz orqali onlayn olish xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Avtomobillar uchun ekostikerlarni onlayn olish mumkin

Avtomobillar uchun ekologik stikerlarni rasmiylashtirish jarayoni to‘liq raqamlashtirildi. Endilikda ekologik toifasi belgilangan avtotransport vositasi egalari ekostikerni davlat xizmatlari Yagona portali orqali masofadan turib olishi mumkin. Bu haqda portalning rasmiy Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Xizmatdan foydalanish uchun fuqarolar my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasiga kirib, «Ekologik stiker» yoki «Transport» bo‘limi orqali «Avtotransport vositasiga ekologik stiker olish» xizmatini tanlashi kifoya.

Ariza jarayoni soddalashtirilgan. Avtomobil haqidagi barcha ma’lumotlar tizimda avtomatik shakllanadi va foydalanuvchi faqat arizani tasdiqlaydi. Tayyor ekostiker 10 kalendar kuni ichida pochta orqali fuqaroning manziliga yetkazib beriladi.

Ekologik stikerning o‘zi hamda ariza topshirish xizmati mutlaqo bepul. Faqatgina tayyor stikerni pochta orqali uyga yetkazib berish xizmati uchun 20 600 so‘m miqdorida to‘lov undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil noyabr oyida hukumat qarori bilan avtotransport vositalarini ekologik toifalarga ajratish va ekostiker berish tartibi tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi avtomobillar Yevro-2 va undan yuqori standartlarda «toza», Yevro-0 va Yevro-1 esa «o‘rta» toifaga kiritiladi.

Dizel dvigatelli transport vositalari uchun esa Yevro-4 va undan yuqori «toza», Yevro-3 «o‘rta», Yevro-0, Yevro-1 hamda Yevro-2 standartlariga javob beradigan avtomobillar «zararli» toifada belgilanadi. Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida harakatlanuvchi va ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan transport vositalari avtomatik ravishda «toza» toifaga kiritiladi.

Avvalroq ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmasligi haqida xabar bergan edik. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi, ungacha esa haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid