
Ayrim dorixonalar 2,6 mlrd so‘m asossiz daromad olgani fosh etildi
17.06.2025 | 16:1016883
2025 yil davomida 225 ta dorixonada o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2,6 mlrd so‘mdan ziyod asossiz daromad aniqlandi. Nizoga sabab — belgilangan savdo ustamalariga rioya etilmagani.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali respublika bo‘ylab 225 ta dorixonada tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida 62 mingdan ortiq holatda dori vositalari savdosida qonunbuzarlik kuzatilib, 2,6 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad qayd etildi.
Ayni holatlar bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, mablag‘larni qaytarish yuzasidan choralar ko‘rildi. Savdoda eng ko‘p buzilish holatlari “GARMONIYA FARM”, “EVRO FARM BIZNES” va “TAR PHARM ALLIANCE” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatida aniqlangan. Xususan, “GARMONIYA FARM”da 5191 ta, “EVRO FARM BIZNES”da 1744 ta va “TAR PHARM ALLIANCE”da 1695 ta holat qayd etilgan.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi ushbu kompaniyalar faoliyati bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi va asossiz narx oshirish holatlarini bartaraf etish maqsadida huquqiy choralar ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, Qo‘mita retsept asosida sotiladigan dori vositalari belgilangan cheklangan narxlardan yuqori narxda sotilgan taqdirda, chora ko‘rilishi haqida dorixonalarni rasmiy ravishda ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, Prezident qarori asosida Raqobat qo‘mitasiga avtomatik ravishda dori vositalari narxlari bo‘yicha ma’lumotlar kelib tushishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa qonunbuzarliklarni tezkor aniqlash va oldini olish imkonini bermoqda.





