
Barchasiga SI sababchi: Yaponiyada videokartalar talon bilan sotila boshladi
Yaponiyada yirik riteylerlar videokartalar savdosiga cheklov kiritdi: sun’iy intellekt sabab xotira tanqisligi geymerlar bozorida jiddiy inqirozni yuzaga chiqarmoqda.

Yaponiyada videokartalar bozorida favqulodda choralar joriy etilmoqda. Tom’s Hardware xabariga ko‘ra, Tokio shahrining Akihabara hududida joylashgan yirik do‘konlar, jumladan Tsukumo eX. «bir xaridorga — bitta videokarta» qoidasini amalga kiritgan. Cheklovlar o‘rta va yuqori segment modellariga taalluqli.
Xususan, «Nvidia»ning GeForce RTX 5060 Ti (16GB) va undan yuqori modellari, shuningdek AMD’ning Radeon RX 9000 seriyasidan boshlab videokartalar sotuvi cheklanmoqda. Do‘konlar ma’lum qilishicha, «Nvidia» videoxotirasi — VRAM yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan, bu esa ishlab chiqaruvchilar zanjirida uzilishlarga sabab bo‘lgan.
Muammoning asosiy ildizi sun’iy intellekt infratuzilmasiga borib taqaladi. Dunyo bo‘ylab data-markazlar uchun hisoblash quvvatiga talab keskin oshgan. Samsung, SK Hynix va Micron kabi yirik ishlab chiqaruvchilar qimmat SI-server xotirasiga ustuvorlik berib, oddiy DRAM va GDDR ishlab chiqarishni qisqartirmoqda.
Natijada, bozorda bir qator salbiy oqibatlar kuzatilmoqda. 2025 yilda RAM va SSD narxlari 246 foizdan ortiqqa oshdi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar, jumladan Framework, alohida xotira modullari savdosini to‘xtatdi, Yaponiyadagi ba’zi do‘konlar esa 2026 yilgacha tayyor kompyuterlarga buyurtma qabul qilmayapti. Videokartalar ishlab chiqaruvchilari ham geymerlar segmentida mahsulot hajmini qisqartirishga majbur.
Mutaxassislar vaziyat tez orada yaxshilanishini kutmayapti. Tahlilchilarga ko‘ra, xotira tanqisligi kamida 2026 yil oxirigacha davom etadi. Yangi zavodlar qurilishi yillar talab qiladi, ishlab chiqaruvchilar esa SI bozorida «pufak» paydo bo‘lishidan xavotirda. Shu bois geymerlarga mavjud qurilmalarni asrash yoki ancha qimmat «temir»ga tayyor turish tavsiya qilinmoqda.



