add

Bashar Asadni taxtdan qulatgan prezident Vashingtonga yetib bordi

21.09.2025 | 20:306133

1967 yildan beri ilk marta Suriya rahbari AQSHga tashrif buyurdi. Ahmad ash-Shar’a BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlaydi va Vashingtonda elchixona ochish masalasini muhokama qiladi.

Bashar Asadni taxtdan qulatgan prezident Vashingtonga yetib bordi
21 sentyabr kuni Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shar’a BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley anjumanida ishtirok etish uchun AQSH poytaxti Vashingtonga yetib keldi. Syria TV ma’lumotiga ko‘ra, bu 1967 yildan buyon ilk marta Suriya rahbarining AQSHga tashrifidir. Ash-Shar’aning safari besh kun davom etadi, unga to‘rtdan ortiq vazir kirgan delegatsiya hamrohlik qilmoqda. U yakshanba kuni kechqurun AQSHdagi suriyaliklar bilan uchrashadi. Tashrif doirasida Suriya va AQSH o‘rtasida diplomatik aloqalarni tiklash, shu jumladan Vashingtonda elchixona ochish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, Ash-Shar’a BMT minbaridan yangi Suriya haqida o‘z qarashlarini bayon etadi. Ash-Shar’a 2025 yil yanvarda Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng mamlakat rahbari bo‘lgan. U «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhini boshqargan bo‘lib, rejimni ag‘darishda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Bashar Asad oilasi bilan Rossiyadan panoh topgan, Moskva esa yangi hukumat bilan aloqalarni saqlab qolgan. May oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Ash-Shar’a bilan Saudiya Arabistonida uchrashgan edi. CNN xabar berishicha, uchrashuv «barcha jihatdan ijobiy o‘tgan». Keyinroq Tramp Suriyadan sanksiyalar olib tashlanishini e’lon qilib, «unga buyuklikka intilish imkoniyati berilishi»ni aytdi. E’tiborlisi, 2013 yildan Ash-Shar’a AQSHning «eng xavfli terrorchilar» ro‘yxatida edi, uni qo‘lga olish uchun 10 mln dollar mukofot belgilab qo‘yilgandi.

Teglar

Mavzuga oid