Bayram o‘rniga motam: Falastin bo‘yicha haftalik sarhisob

Kecha 22:277 daqiqa

Falastinliklar uchun bayram bo‘lishi kerak bo‘lgan hafta ko‘chmanchi isroilliklarning hujumlari va yerlarni tortib olish holatlari bilan yodda qoldi. G‘arbiy sohilda hujumlar kuchaydi, Isroil G‘azoga yordamni cheklamoqda...

Bayram o‘rniga motam: Falastin bo‘yicha haftalik sarhisob

Dunyo bo‘ylab musulmonlar Ramazon oyining tugashi — Ramazon hayitini nishonlayotgan va AQSH-Isroilning Eronga qarshi urushi to‘rtinchi haftaga o‘tgan bir paytda, bosib olingan G‘arbiy sohildagi falastinliklar zo‘ravonliklar to‘lqiniga duch keldi. Ko‘plab isroilliklar o‘z davlatiga noqonuniy ravishda qo‘shib olishni xohlaydigan ushbu hududdagi ko‘plab falastinliklar yashaydigan mahallalarning kirish darvozalari isroillik ko‘chib kelganlar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Ular shuningdek uylarni yoqib yubordi va zaytunzorlarni buldozer bilan tekislab tashladi.

Isroilning Falastin milliy o‘zligini namoyon etishga nisbatan olib borayotgan joriy siyosatining o‘ziga xos ramziy ko‘rinishi sifatida, Isroil rasmiylari Hayit bayrami kunlarida musulmon namozxonlarni Al-Aqso masjidi majmuasidan chiqarib yuborganini oqlash uchun Eron bilan davom etayotgan mojarodan foydalandi. Xabarlarga ko‘ra, bu Isroil 1967-yilda muqaddas qadamjoni bosib olganidan beri birinchi marta yuz bermoqda. Shuningdek, Isroil politsiyasi Quddusdagi Eski shahar darvozalari oldida ibodat qilishga uringan falastinliklarni tarqatish uchun ovozli granatalar va jismoniy kuch ishlatdi. Namozxonlarni bunday majburiy tarqatish holatlari bundan oldin ham bir necha kun davomida kuzatilgan edi.

18-mart kuni G‘arbiy sohil janubidagi Bayt Avva aholi punktida raketa qoldiqlari tushishi oqibatida to‘rt nafar falastinlik ayol halok bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, Isroil shaharlaridan farqli o‘laroq, bu hududda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar va maxsus boshpanalar mavjud emas.

Urush harakatlari davom etayotgan bo‘lsa-da, falastinliklar asosiy e’tiborni noqonuniy ko‘chib kelganlarning (settlerlarning) zo‘ravonligi va harakatlanishdagi cheklovlardan aziyat chekmoqda. Shanba kuni Bayt Imrinda yashovchi ko‘chib kelganlardan biri — Yahuda Shermanning o‘limidan so‘ng, zo‘ravonliklar yakshanba tongida o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Qora libos kiygan va niqob taqqan 100 ga yaqin isroillik Nablus janubidagi Jalud va Qaryut qishloqlariga bostirib kirdi.

Mahalliy manbalarning xabar berishicha, hujumchilar kamida beshta avtomobil va 10 dan ortiq uyga o‘t qo‘ygan. Shuningdek, Jalud qishloq kengashi binosi yoqib yuborilgan, o‘t o‘chirish mashinasiga hujum qilinib, haydovchi yaralangan hamda masjidni yoqishga urinish bo‘lgan. Har ikki qishloq chetida Isroil armiyasi va politsiyasi bo‘lishiga qaramay, bunday tartibsizliklarning oldi olinmagan.

Yakshanba kuni zo‘ravonliklar ko‘lami yanada kengaydi. Ko‘chib kelganlar Nablusning shimoli-g‘arbidagi Dayr Sharaf qishlog‘ida avtomobillarni yoqib yuborishdi. Dayr al-Xatabda uylarga o‘t qo‘yilishi oqibatida aholi vakillari yaralandi. Burqa qishlog‘idagi tibbiyot klinikasini yoqishga urinish esa mahalliy falastinliklarning aralashuvi bilangina to‘xtatib qolindi.

Mazkur hujumlar Shermanning o‘limi uchun o‘ziga xos qasos bo‘lgani aytilmoqda. Isroil tomoni uning avtomashinasiga falastinlik haydovchi ataylab kelib urilgan deb hisoblamoqda. Biroq mahalliy falastinliklar marhumning o‘zi fermerga tegishli pikapni o‘g‘irlab, chuqurga qulaganini taxmin qilmoqda. Shermanning dafn marosimida ishtirok etganlardan biri «The Times of Israel» nashriga bergan intervyusida bu 18 yoshli yigitni G‘arbiy sohildan falastinliklarni siqib chiqarishga faol intilgan shaxs sifatida ta’riflagan: «U yahudiylar bu joyga qaytishi uchun dushmanni butunlay haydab chiqarish maqsadida har kuni podasini shu yerda o‘tlatar edi».

Garchi Sherman yashagan aholi punkti Isroil qonunlariga ko‘ra ham noqonuniy sanalsa-da, yakshanba kuni uning dafn marosimida Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich ishtirok etdi. U o‘z nutqida Isroil hukumati Falastin Ma’muriyatini tugatish va G‘arbiy sohildagi cheklangan muxtoriyatga barham berish ustida ishlayotganini ta’kidladi. Bu holat hukumat ichida noqonuniy ko‘chib kelganlarni qo‘llab-quvvatlash qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatadi. Isroil rasmiylari bu borada «Al Jazeera»ning izoh so‘rashiga javob bermadi.

Hujumlar va hibsga olishlar to‘lqini

Isroillik ko‘chib kelganlar tomonidan uyushtirilayotgan hujumlarga qaramay, Isroil kuchlari asosan falastinliklarni hibsga olmoqda. Shanba kuni tunda ko‘chib kelganlar Jenindan janubda joylashgan Al-Fandaqumiyaga bostirib kirib, uylar va avtomobillarni yoqib yubordi. So‘ngra ular qo‘shni Silat ad-Dhaher qishlog‘iga o‘tib, yana ikkita uyga o‘t qo‘ydi va olti kishini yaraladi. Falastin manbalariga ko‘ra, Isroil kuchlari hujumchilarni to‘xtatishga urinmagan. Falastinlik faollarning xabar berishicha, 17-mart kuni Ramallohning shimoli-sharqidagi Jiljiliya qishlog‘ida ko‘chib kelganlar Yusuf Muzahimning uyiga bostirib kirgan. Shundan so‘ng ular Isroil armiyasini chaqirib, uy egasi va uning 12 hamda 14 yoshli ikki o‘g‘lini hibsga oldirgan. Shu kabi holatlar Salfit muzofoti va Janubiy Xebron tepaliklarida ham qayd etilgan.

Yerlarni tortib olish va buzish ishlari

Bosib olingan G‘arbiy sohilda falastinliklarning yerlarini tortib olish kampaniyasi doirasida o‘tgan haftada ham qishloq xo‘jaligi maydonlariga jiddiy zarar yetkazildi. Isroil buldozerlari Nilin hududidagi ajratuvchi devor bo‘ylab bir necha kun davomida zaytun daraxtlarini qo‘porib tashlagani tasvirga olindi. Nablus yaqinidagi Xuvarada esa 1500 dan ortiq zaytun daraxti bo‘lgan 100 dunam (0,1 kvadrat kilometr) maydon buldozerlar bilan tekislandi. Masafer Yatta hududida ko‘chib kelganlar o‘z chorvasini ekin maydonlariga qo‘yib yuborish orqali 130 dan ortiq zaytun daraxtini payhon qilgani aytilmoqda.

Bundan tashqari, 16-mart kuni Isroil rasmiylari Tubas va Tammundagi falastinlik oilalarga tegishli 268 dunam (0,268 kvadrat kilometr) yerni «harbiy maqsadlarda» musodara qilish bo‘yicha buyruq chiqardi. Ikki kundan so‘ng askarlar yangi yo‘l qurilishini boshlash uchun Tammunga ekskavator bilan kirib keldi. Ma’lumot o‘rnida, 15-mart kuni aynan shu hududda mashinada ketayotgan falastinlik oilaning to‘rt a’zosi Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan edi.

Iordan vodiysidagi Fasayel al-Vustada Isroil kuchlari qishloqda qolgan so‘nggi uyni ham buzib tashladi. Vaholanki, Isroil Oliy sudi bu oilaga shu yerda yashashga ruxsat beruvchi kelishuvni tasdiqlagan edi. Dushanba kuni Duma qishlog‘i yaqinida ham Isroil Fuqarolik ma’muriyati tomonidan olib borilayotgan buzish ishlari suratga olindi.

Yo‘llar to‘sildi, aholi punktlari yakkalanib qoldi

17-martdan beri isroillik ko‘chib kelganlar har tunda 10 dan ortiq asosiy yo‘l chorrahalarida to‘planib, falastinliklarning avtomobillariga hujum qilmoqda. Yakshanba kuni yuqorida tilga olingan Shermanning dafn marosimi sababli 60-raqamli avtomagistralning bir qismi to‘liq yopildi. Falastinliklar uchun barcha kirish yo‘llari berkitilib, faqat oldindan ruxsat olingan tez yordam mashinalarigagina yo‘l berildi.

Eron bilan urush boshlanganidan beri joriy etilgan harakatlanish cheklovlari yanada kuchayib, ko‘chib kelganlar ko‘plab Falastin mahallalarining kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygani xabar qilinmoqda. Bu noroziliklar Isroil harbiylarining bir nechta noqonuniy avanpostlarni (kichik aholi punktlarini) buzib tashlashi ortidan boshlandi. Ko‘chib kelganlar buni «qizil chiziqdan o‘tish» deb baholadi va tungi yig‘ilishlarda falastinliklarning mashinalariga tosh otish hujumlariga o‘tib ketdi.

Falastinliklar qiynoqqa solingani haqidagi xalqaro xabarlar va yuzlab sobiq xavfsizlik zobitlarining «yahudiylar zo‘ravonligi va terrorizmi» haqidagi ochiq xati tarqalgach, 18-mart kuni Isroil bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir tinch aholiga qilingan hujumlarni «ma’naviy va axloqiy jihatdan qabul qilib bo‘lmaydi» deb bayonot berdi. Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet ham bu fikrga qo‘shildi. Biroq, amalda shu haftaning o‘zidayoq ko‘chib kelganlar aynan Isroil harbiylari himoyasi ostida Nablus yaqinidagi buzib tashlangan avanpostni qayta qurayotgani ma’lum bo‘ldi.

Isroilning inson huquqlarini himoya qiluvchi «B’Tselem» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 28-fevralda Eronga qarshi urush boshlanganidan beri G‘arbiy sohilda kamida 14 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ularning sakkiz nafari harbiylar, olti nafari esa qurollangan ko‘chib kelganlar tomonidan o‘ldirilgan bo‘lib, bu so‘nggi paytlardagi eng xavotirli ko‘rsatkichdir.

G‘azoga yordam kiritish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolmoqda

G‘azoda esa vaziyat yanada og‘irlashmoqda. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri G‘azoga kirayotgan gumanitar yordam miqdori keskin kamaydi, bu esa narx-navoning oshib ketishiga olib keldi. Payshanba kuniga kelibgina Misr chegarasidagi Rafah o‘tkazish punkti qayta ochildi, ammo kirib-chiqish bo‘yicha jiddiy cheklovlar hamon saqlanib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifoxonalarda dori-darmon va yoqilg‘i taqchilligi keskinlashganidan ogohlantirmoqda. Yaqindagina Isroil tomonidan faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan bir qator gumanitar tashkilotlar G‘azoda ocharchilik xavfi qaytadan kuchayishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Ayni paytda, o‘tgan hafta AQSH rasmiylari «NPR» nashriga bergan intervyusida G‘azoni qayta tiklash uchun Hamas vositachilariga qurolsizlanish bo‘yicha rasmiy taklif kiritilganini ma’lum qildi. Biroq, 28-fevralda boshlangan Eronga qarshi urush sababli AQSH boshchiligidagi Tinchlik kengashining faoliyati deyarli to‘xtab qolgan. Oktyabr oyidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining shartlari bajarilmayotgan bir paytda, Isroilning havo hujumlari davom etmoqda. 17-mart kuni Xon Yunusda uch kishi, 19-mart kuni G‘azo shahrida dron hujumi oqibatida to‘rt kishi va yakshanba kuni Nusayrat qochqinlar lagerida yana to‘rt kishi halok bo‘ldi. Dushanba kuni ertalab Isroil tanklari G‘azo shahrining sharqiy qismini, artilleriya esa Bureyj qochqinlar lagerini kuchli o‘qqa tutgani xabar qilinmoqda. Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, oktabr oyidagi kelishuvdan beri G‘azoda jami 680 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

 

Teglar

Mavzuga oid