
BMT Xavfsizlik kengashiga besh davlat saylandi
04.06.2025 | 20:0035704
2025 yil 2 iyunda BMT Bosh Assambleyasida o‘tkazilgan yashirin ovoz berish natijasiga ko‘ra, besh mamlakat Xavfsizlik kengashining navbatdagi ikki yillik a’zoligiga saylandi. Ushbu davlatlar — Bahrayn, Kongo, Liberiya, Kolumbiya va Latviya bo‘ldi.

Saylovda ishtirok etgan 193 davlatdan 186 tasi Bahraynni, 183 ta davlat Kongoni, 181 ta Liberiyani, 180 ta Kolumbiyani va 178 ta davlat Latviyani qo‘llab-quvvatladi. Latviya tarixida ilk marta Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lmoqda.
Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Braje bu natijani sharhlar ekan, mamlakatining xalqaro hamkorlikda katta mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekanini bildirdi. U Ukrainadagi urushga barham berish va G‘azo, Afrika hamda boshqa mintaqalardagi mojarolarni hal etishda faol ishtirok etishga va’da berdi.
Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayanining ta’kidlashicha, ularning asosiy maqsadi mintaqada tinchlikni mustahkamlashdir. U G‘azoda sulhga erishish, gumanitar yordam yetkazish va Isroilda garovga olinganlarni ozod qilishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatdi.
Kongo tashqi ishlar vaziri Terez Kayikvamba Vagner ushbu saylov natijasini Afrika davlatlarining birdamligi va tinchlik masalalaridagi hal qiluvchi rolini tan olish sifatida baholadi. U Kongoni o‘n yillab mojarolardan kelgan tajribasi bilan Xavfsizlik kengashiga hissa qo‘shishini bildirdi.
Liberiyaning tashqi ishlar bo‘yicha muovini Deu Grey mamlakatning 1961 yildan buyon birinchi marta Kengashga saylanganini eslab o‘tdi va bu Afrika manfaatlarini himoya qilishga intilish ekanini bildirdi.
Kolumbiyaning BMTdagi elchisi Leonor Zalabata barcha davlatlarni inson huquqlari va tabiat bilan uyg‘unlikda hamkorlik qilishga chaqirdi.
BMT Xavfsizlik kengashi 15 a’zodan iborat bo‘lib, unda beshta doimiy (veto huquqiga ega) va o‘nta ikki yillik muddatga saylanadigan a’zo davlat faoliyat yuritadi. Yangi a’zolar 2025 yil yanvaridan Kengashdagi faoliyatini boshlaydi va Aljir, Gayana, Janubiy Koreya, Serra-Leone va Sloveniya o‘rnini egallaydi.





