Bog‘chadagi 10 ming voltli fojia: Ona asosiy javobgarlar jazolanmaganini aytmoqda
Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chasida olti yoshli bola ochiq qoldirilgan yuqori kuchlanishli transformatorga yiqilib, og‘ir tan jarohati olganiga qariyb yarim yil bo‘lgan. Bolaning onasi Vaqt.uz'ga murojaat qilib, farzandi bir necha bor murakkab operatsiyalarni boshdan kechirganini va ish bo‘yicha asosiy javobgarlar javobgarlikka tortilmaganini ta’kidlamoqda.
Farg‘ona shahrining Ecocity mavzesida joylashgan 66-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 18-fevral kuni sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida olti yoshli tarbiyalanuvchi Abu Zar Ravshanjonov yuqori kuchlanishli elektr toki urishi natijasida og‘ir tan jarohati olgan. Hodisadan so‘ng bola uzoq muddat shifoxonada davolangan va bir necha murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan.
Jabrlanuvchining onasi Shahnoza Qudratovaning aytishicha, bog‘cha hududida o‘rnatilgan 10 ming voltli transformator punkti usti ochiq qolgan, atrofi esa himoya to‘siqlari bilan o‘ralmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola aynan shu joyga yiqilib tushgan va tanasining turli qismlari kuchli kuygan.
Oilaning ma’lum qilishicha, dastlab Farg‘onada davolangan bola keyinchalik Toshkentdagi klinikaga olib kelingan. Shifokorlar elektr toki ta’sirida nafaqat teri, balki nerv va paylar ham zararlanganini aniqlagan. Hozircha chap qo‘lining faoliyati to‘liq tiklanmagan, yana qo‘shimcha operatsiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shifokorlar to‘liq tiklanish ehtimolini ham aniq baholay olmayotganini ota-onasi aytmoqda.
Bolaning onasining aytishicha, hodisadan keyin transformator joylashgan hudud darhol o‘rab qo‘yilgan va usti yopilgan. Uning fikricha, xavfsizlik choralari avvalroq ko‘rilganida, bu hodisaning oldini olish mumkin edi. Shuningdek, u shunga o‘xshash xavfli joylar boshqa bog‘chalarda ham bo‘lgani va voqeadan keyin ularda ham tegishli choralar ko‘rilganini ta’kidlaydi.
“Asosiy javobgarlar jazolanmadi”
Jabrlanuvchi tomonning aytishicha, tergov va sud jarayonlari yakunida tarbiyachi, qurilish tashkiloti vakili hamda elektr tarmoqlari tizimi xodimiga nisbatan javobgarlik belgilangan. Biroq ona bog‘cha rahbariyati va xo‘jalik ishlari uchun mas’ul shaxslar ham javobgarlikka tortilishi kerak edi, degan fikrda.
Uning ta’kidlashicha, bola bog‘cha tarbiyasida bo‘lgan paytda hodisa yuz bergani bois, hududdagi xavfsizlikni ta’minlash uchun bog‘cha ma’muriyati ham mas’ul bo‘lishi kerak edi. Ammo sud bu pozitsiyani inobatga olmaganini aytmoqda.
JIB Farg‘ona shahar sudi hukmiga ko‘ra, tarbiyachiga ikki yil davomida barcha maktabgacha ta’lim мuассасаларида ishlash taqiqlangan hamda moddiy zarar undirilgan. Qolgan ikki sudlanuvchiga ham ahloq tuzatish ishlari jazosi va moddiy zarar to‘lash majburiyati yuklatilgan. Jabrlanuvchi tomonning hisoblashicha, belgilangan 45 million so‘m kompensatsiya bolaning hozirgacha qilingan va kelgusida davom etadigan davolanish xarajatlarini qoplash uchun yetarli emas.
“Menga emas, bolam uchun adolat kerak”
Bolaning onasi murojaati yakunida farzandining hali oldinda yana bir necha operatsiyalar kutayotganini aytib, mas’ul deb hisoblaydigan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishini so‘ragan. “Men o‘zim uchun hech narsa so‘ramayman. Faqat bolam uchun adolat bo‘lishini istayman", deydi u.
Teglar

