
Bojsiz tovar olib kirishda fuqaro xorijda necha kun turgani ham hisobga olinadi
15.07.2025 | 13:0016513 daqiqa
2025 yil 20 iyuldan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kiruvchi fuqarolar uchun yangi talab joriy etiladi — endi bojsiz limit faqatgina xorijda belgilangan muddatdan ko‘p turganlarga tatbiq etiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi 20 iyuldan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojsiz limit tartibida yangi talab kuchga kirishini ma’lum qildi. Mazkur tartib 1 maydan amalda bo‘lgan dollarning transport turiga qarab belgilangan limitlari asosida yanada qat’iylashtirilmoqda.
Ayni paytdagi tartibga ko‘ra, fuqarolar havo transportida 1000 dollargacha, temir yo‘l va daryo transportida 500 dollargacha, avtomobil yoki piyoda o‘tish punktlari orqali esa 300 dollargacha qiymatdagi tovarlarni boj to‘lamasdan olib kirish huquqiga ega. Ammo 20 iyuldan boshlab, bu huquq fuqaroning xorijda qancha kun bo‘lganiga bog‘liq holda amal qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaro chet elda kamida 2 kun (yoki havo transportida 3 kun) turmagan bo‘lsa, u holda yuqoridagi limitlar unga tatbiq etilmaydi va tovar uchun boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Masalan, Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondan 1 kunlik safar orqali qaytgan shaxs 200–300 dollarlik televizor yoki maishiy texnika olib kirsa, boj to‘laydi.
Mazkur choralar tovar aylanmasiga oid qonunchilikni yanada tartibga solish va noqonuniy olib kirish holatlarini oldini olish maqsadida joriy etilmoqda. Bojxona organlari fuqarolardan bunga jiddiy yetarli darajada e’tibor qaratishni va belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.





