
Boku shahrida «Sputnik Ozarboyjon» rahbarlari qo‘lga olindi
30.06.2025 | 22:2018492
Ozarboyjonda «Sputnik Ozarboyjon» nashrining bosh muharriri Igor Kartavix va uning o‘rinbosari Yevgeniy Belousov huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. Ularga noqonuniy moliyalashtirish orqali faoliyat yuritish va maxfiy xizmat bilan aloqadorlik gumoni qo‘yilmoqda.

Boku shahrida Ozarboyjon huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan «Sputnik Ozarboyjon» nashriga tegishli ofisda tintuv o‘tkazildi. Tintuv davomida nashrning bosh muharriri Igor Kartavix va bosh muharrir o‘rinbosari Yevgeniy Belousov qo‘lga olingani ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar «noqonuniy moliyalashtirish» bilan shug‘ullangani uchun ushlangan. Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi esa «Sputnik Ozarboyjon» agentligining faoliyati 2025 yil fevralda rasman to‘xtatilganini, ammo shundan keyin ham faoliyatini noqonuniy ravishda davom ettirganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, «Minval» nashrining yozishicha, ushbu ikki shaxs Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) xodimlari sifatida gumon qilinmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Igor Kartavix va Yevgeniy Belousov FSB agentlari bo‘lib, ular Boku shahrida maxfiy faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkin.





