
Boshqirdistonda neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qildi
11.10.2025 | 20:1450513
SBU maxsus xizmati Rossiya hududidagi neft zavodiga uzoq masofadan zarba bergan. Hujumdan so‘ng yong‘in chiqqan, beshta dron yo‘q qilingani aytilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston respublikasidagi neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qilgani xabar qilindi. Bu haqda «RBK-Ukraїna» va «Suspіlne» nashrlari maxsus xizmatlar manbalariga tayanib yozdi. Hujumga uchragan zavod Ukraina chegarasidan taxminan 1400 kilometr uzoqlikda joylashgan.
«SBU Rossiya hududidagi har qanday harbiy yoki sanoat ob’ektiga yetib borish imkoniyatiga ega. Bu urushni qo‘llab-quvvatlayotgan zavodlarga javobdir», — degan ukrain maxsus xizmatlaridagi manba.
Ukraina OAVning yozishicha, bu oxirgi bir oy ichida SBU tomonidan Boshqirdistonga qilingan uchinchi uzoq masofali hujum hisoblanadi. Hujumdan keyin zavod hududida yong‘in boshlangani aytilmoqda.
Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 12:00 gacha hududda beshta dron yo‘q qilingan. Shu bilan birga, tongda Ufa xalqaro aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrda ukrain droni Novo-Ufimsk neft zavodiga kirib borgan, portlashdan keyin hududda kuchli yong‘in chiqqan edi. O‘shanda respublika rahbari Radiy Xabirov korxona qo‘riqchilari dronni yirik kalibrli qurol bilan urib tushirganini aytgan.
17 sentyabrdan boshlab Bashqirdistonda dron hujumlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish taqiqlangan.





