
BRICS dollardan voz kechishga tayyormi?
Rossiya moliya vaziri Anton Siluanovning ta’kidlashicha, BRICS bo‘yicha hamkorlar dollar hisob-kitoblaridan voz kechishga shoshilmayapti, shu sababli muqobil tizim yaratish bo‘yicha muzokaralar sekin bormoqda.

Rossiyaning BRICS bo‘yicha hamkorlari xalqaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechishga tayyor emas, chunki ular jiddiy cheklovlarga duch kelmayaptilar. Bu haqda Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Moliya universiteti forumida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birlashma ichida Amerika valyutasiga bog‘liqlikni kamaytirishga imkon beradigan chegaralararo hisob-kitoblar tizimini yaratish bo‘yicha muzokaralar ancha sekin bormoqda.
Siluanov ta’kidlaganidek, Rossiya BRICS mamlakatlari bilan savdoni «ishonchli valyutalar va ishonchli infratuzilma» orqali olib borishga intilmoqda. U Moskva xavfli deb hisoblagan joylarda dollardan foydalanishni kamaytirayotganini eslatdi.
«Agar hozir dollar ishonchsiz bo‘lsa, demak biz undan foydalanmaymiz. Keyinchalik nima bo‘lishini ko‘ramiz, tahlil qilamiz», - dedi vazir.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi rahbari Rossiyaning har qanday yo‘l bilan dollarsizlashtirishga intilish maqsadi yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa barqaror va bashorat qilinadigan hisob-kitoblarni ta’minlashdir.
«Barqaror hisob-kitoblarni ta’minlash vazifasi bor. Agar dollar o‘zini hisob-kitoblarda "rubilnik" bilan o‘chirilishi mumkin bo‘lgan valuta sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa, bir zumda hisob-kitoblar to‘xtaydi. Qanday ishonch qoladi?», - deya ta’kidladi Siluanov.
U yanada ishonchliroq hisob-kitob mexanizmlariga raqamli moliyaviy aktivlar va kriptovalyutalarni kiritdi. Vazirning baholashicha, Rossiya kompaniyalari an’anaviy kanallarning to‘sib qo‘yilishi xavfini kamaytirish uchun tashqi iqtisodiy faoliyatda bunday vositalardan foydalanishlari mumkin.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp birlashma mamlakatlari dollarga muqobil sifatida o‘z valyutasini yaratgan taqdirda 100 foizlik boj to‘lash bilan tahdid qilgan edi.
«BRICSning xalqaro savdoda AQSH dollarining o‘rnini egallashi uchun zarracha ham imkoniyat yo‘q. Buni amalga oshirishga uringan har qanday davlat darhol Amerika bilan xayrlashishi mumkin», - degan Amerika rahbari.
Keyinroq Tramp bu ogohlantirishlardan so‘ng BRICS tez zaiflashayotgani va hech qachon ahamiyatli birlashmaga aylanmasligini aytgandi.





