add

Britaniyada internetdagi erkinlik tugadi: endi yosh tasdig‘i majburiy bo‘ladi

02.08.2025 | 18:319885

Internetdagi erkin harakatlanish davri tugab, foydalanuvchining yoshini tasdiqlash davri boshlanmoqda. Bu tizim Britaniyada amalga kirdi va boshqa davlatlar ham shunga o‘xshash choralar ko‘rmoqda.

Britaniyada internetdagi erkinlik tugadi: endi yosh tasdig‘i majburiy bo‘ladi
2025 yil 25 iyuldan boshlab Buyuk Britaniya «Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun» doirasida internet platformalarida yoshni tasdiqlash tizimini joriy etdi. Endi Reddit, Discord, Spotify, Xbox va boshqa platformada 18 yoshdan kattalar uchun mo‘ljallangan kontentga kirish uchun foydalanuvchi o‘z yoshini rasman isbotlashi shart. Ayrim platformalar bu talabga rioya etdi, boshqalari esa xavf va xarajatlarni bahona qilib Britaniya bozoridan chiqib ketdi. Foydalanuvchilar esa yoshni tasdiqlash tizimini VPN yoki soxta ma’lumotlar bilan aylanib o‘tishga urina boshladi. Mutaxassislar bu jarayon boshqa davlatlarda ham qaytarilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Yoshni tasdiqlash faqat Britaniyaga xos emas. AQSH, YeI va Avstraliya kabi davlatlar ham bolalarni zararli kontentdan himoya qilish maqsadida shunga o‘xshash tizimlar ustida ishlamoqda. Yoshni tekshirish uchun foydalaniladigan usullar qatorida selfi, shaxsiy hujjat fotosi, kredit kartasi ma’lumotlari va akkauntdagi faollik orqali taxminlar bor. Bundan tashqari, Kids Web Services, Persona va k-ID kabi tashqi provayderlar yoshni tasdiqlashda vositachi sifatida xizmat qiladi. Bu esa foydalanuvchi ma’lumotlarining turli kompaniyalar qo‘liga tushishi va maxfiylikni xavf ostiga qo‘yishiga olib keladi. Masalan, Reddit platformasida Persona yordamida tasdiqlangan ma’lumotlar 7 kun ichida o‘chirilishi va’da qilinsa-da, bunday va’dalarning ijrosiga qonun kafolati yo‘q. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi rasmiy raqamli shaxsni tasdiqlash tizimini sinashni boshladi. Unga ko‘ra, foydalanuvchi pasport yoki ID hujjatini faqat maxsus platformaning serveriga yuklaydi va vebsayt faqat «yosh tasdig‘i»ni ko‘radi. Google «nol bilim isboti» (ZKP) texnologiyasini ishlab chiqqan va Wallet dasturiga joriy qilgan — bu texnologiya orqali faqat 18 yoshga yetganlik tasdiqlanadi, lekin tug‘ilgan sana oshkor etilmaydi. Ammo bu tizimlar maxfiylikni ta’minlash o‘rniga, davlat nazorati va senzura xavfini oshirishi mumkin. Elektron erkinlik tashkiloti EFF muhandisi Aleksis Henkokning fikricha, «do‘konda ID ko‘rsatish bilan internetda ma’lumot yuborish o‘rtasida katta farq bor — davlat har bir harakatni kuzatishi mumkin».  

Teglar

Mavzuga oid

Britaniyada internetdagi erkinlik tugadi: endi yosh tasdig‘i majburiy bo‘ladi | Vaqt.uz