add

Bryussel Moskvaga bosimni oshirish yo‘lini topdi — Financial Times

13.05.2025 | 16:1213554

Bryussel Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolish uchun Vengriya qarshiligini chetlab o‘tishning yangi yuridik mexanizmlarini ishlab chiqmoqda. Yevropa Komissiyasi 200 mlrd yevrolik aktivlarni muzlatilgan holda saqlashni maqsad qilmoqda.

Bryussel Moskvaga bosimni oshirish yo‘lini topdi — Financial Times
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirish uchun huquqiy asosni o‘zgartirish yo‘li bilan sanksiyalar miqyosini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Bu, xususan, Vengriyaning veto qo‘llash ehtimolini bartaraf etishga qaratilgan. Yangi mexanizmlar orqali Yevropa Komissiyasi muzlatilgan Rossiya aktivlarini, taxminan 200 mlrd yevro miqdorida, harakatsiz holda ushlab turishni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, sanksiyalarning ayrim qismlari «muqobil yuridik asos»ga o‘tkazilishi mumkin. Bu usul Yevroittifoqning barcha 27 a’zosining yakdil ovozini talab qilmaydi — ko‘pchilik ovozi yetarli bo‘ladi. Yevropa mansabdorlaridan biri bu «A reja»ga asosiy e’tibor qaratilayotganini, biroq boshqa huquqiy variantlar ham muhokama qilinayotganini ma’lum qilgan. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban avval ham Moskvaga nisbatan sanksiyalar joriy etishga xalaqit berishga urinib kelgan. Joriy yil iyul oyi oxirida amaldagi cheklovlar muddati tugaydi va Orban yana ularni uzaytirishga qarshi chiqishi mumkin. Biroq Yevroittifoq elchilari yig‘ilishida Budapesht tomonidan jiddiy e’tiroz bildirilmagan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rossiyadan boyitilgan uran importiga tariflar va yangi gaz shartnomalariga to‘liq taqiq qo‘yish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu choralar rasmiy ravishda «sanksiya» deb atalmasligi mumkin, bu esa yuridik to‘siqlarni kamaytiradi. Yanvarda Yevroittifoq Rossiya va Belarusdan o‘g‘itlar importiga tarif joriy qilgan edi. Bu tajriba hozirgi yechimlar uchun pretsedent bo‘lib xizmat qilmoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiyani muvaqqat tinchlikka majburlash uchun siyosiy bosim bilan birga iqtisodiy faoliyatni ham yangi formatda davom ettirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Bryussel Moskvaga bosimni oshirish yo‘lini topdi — Financial Times | Vaqt.uz