
Buyuk Britaniya Qozog‘iston harbiylarini tayyorlashga yordam beradi
06.06.2025 | 22:2045473
Qozog‘iston va Buyuk Britaniya Mudofaa vazirliklari 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik rejasini imzoladi.

Bu marosim Londonda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rahbari polkovnik Yerbol Qumarbeko‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida o‘tkazildi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holatini muhokama qilib, kelasi ikki yillik ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi. Ular orasida qozog‘istonlik harbiylarni Britaniya harbiy akademiyalarida tayyorlash, tinchlikparvarlik tashabbuslarini rivojlantirish va til o‘qitish asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi.
Mazkur kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik yaqinlashuvning davomi sifatida baholanmoqda. 2024 yil aprelda Ostonada Qozog‘iston va Britaniya tashqi ishlar vazirlari strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. O‘shanda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyodagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 mln funt sterling ajratilishini e’lon qilgan edi. Bu mablag‘ energetika, ta’lim, noyob metallar va savdo sohalaridagi loyihalarga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston mudofaa sohasida mustaqilligini mustahkamlashni davom ettirmoqda. Joriy yil may oyida NATO standartlariga mos 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari ishlab chiqaradigan yangi zavod qurilishi boshlandi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, loyiha importga bog‘liqlikni kamaytirish va mintaqadagi beqarorlik sharoitiga moslashishni maqsad qiladi.





