
Centrum Air o‘z parkni uchinchi Airbus A330 samolyoti bilan kengaytirdi
07.09.2025 | 22:1525362
Centrum Air Toshkentga uchinchi Airbus A330 samolyotini olib keldi. U 358 yo‘lovchiga mo‘ljallangan va kompaniyani uzoq masofali yo‘nalishlarda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Centrum Air 6 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga uchinchi keng fyuzelyajli Airbus A330−300 samolyotini qabul qildi. Ushbu havo laynerining avvalgi egasi Tailandning Thai Airways aviakompaniyasi bo‘lib, 2010 yilda Tuluzada ishlab chiqarilgan. Keyinroq u «Aergo Capital» lizing kompaniyasi tomonidan boshqarilgan.
Yo‘lovchi saloni 358 o‘ringa ega bo‘lib, ergonomik o‘rindiqlar, yangilangan yoritish tizimi va uzoq masofali parvozlar uchun qulayliklar bilan jihozlangan. Kompaniya ma’lumotida, mazkur layner asosan Seul, Guanchjou, Bangkok, Istanbul, Jidda va Madina kabi yuqori talabga ega yo‘nalishlarda parvoz qiladi.
Centrum Air aprel oyida birinchi, iyul oyida esa ikkinchi Airbus A330 samolyotlarini parkiga qo‘shgan edi. Ularning har ikkalasi ham irlandiyalik Aergo Capital lizingchisi orqali kiritilgan.
Hozirda xususiy aviakompaniya parkida 12 ta samolyot mavjud: oltita Airbus A320, uchta A321 va uchta A330−300. Flotning o‘rtacha yoshi 12 yilni tashkil etadi.





