Chorvachilikni rivojlantirish uchun 463 mln dollar ajratiladi
O‘zbekistonda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda go‘shtga bo‘lgan yillik talab 2 million 150 ming tonnani tashkil etmoqda. Ayni paytda ishlab chiqarish hajmi 1 million 600 ming tonna bo‘lib, ichki talabni to‘liq qoplash uchun qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish zarur.
Shu maqsadda 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan kompleks choralar ishlab chiqilgan. Yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
Yangi loyihalar
Dastur doirasida faoliyati to‘xtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasi qayta tiklanadi. Ularga qarzlarni restrukturizatsiya qilish, yer maydonlari ajratish va naslli mollar bilan ta’minlash taklif etilgan. Bu orqali yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, umumiy qiymati 3 trillion so‘mlik 802 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular doirasida 68 mingdan ziyod qoramol hamda 186 ming bosh qo‘y va echki parvarishlanadi. Bu esa har yili qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkonini beradi.
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol hamda Belarusdan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilgan. Bu tashabbus orqali yana 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Raqamlashtirish kuchaytiriladi
Taqdimotda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, 191 tumandagi 2 ming 407 ta chorvachilikka ixtisoslashgan mahallada yashovchi 823 ming xonadonni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Jumladan, aholiga arzon chorva mollari yetkazib berish, sun’iy urug‘lantirish, yem-xashak va zooveterinariya xizmatlarini kengaytirish taklif etildi. Fermerlar uchun «Smart Fermer» yagona raqamli yordamchisi ishga tushirilib, mobil ilova orqali chorva mollarini ro‘yxatdan o‘tkazish, veterinar chaqirish, subsidiyalarga murojaat qilish va sun’iy intellekt asosida maslahat olish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, parrandachilik sohasida qiymati 432 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish orqali 2028 yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Prezident loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish va mablag‘larni manzilli yo‘naltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.




