
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori ishdan olindi
Prezident agentlikning mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborganini ma’lum qildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Ortikov Akmalxon Jo‘raxonovich lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, kecha agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olingan.
Shuningdek, Prezident hozirda «O‘zbekneftegaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qildi.
«Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas’ullar qayerga qaragan?» – dedi Prezident.
Mirziyoyev yig‘ilish davomida DXX raisiga “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas’ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirdi. Shu bilan birga, Komplayens xizmati, Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov guruhiga Xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalarga mas’ul tuzilmalaridan ham mutaxassislarni jalb qilish topshirildi.
«Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta’minlasin», – dedi Mirziyoyev.





