
Davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi
26.06.2025 | 11:0044903
Prezident farmoni asosida davlat xizmatchilari uchun yagona ta’lim va baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda davlat xizmatida kadrlar tayyorlash, baholash va xizmat safarlarini muvofiqlashtirishning yaxlit tizimi joriy etiladi. Bu haqda rasmiy xabarda ma’lum qilindi.
Yangi tizimga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasi hamkorligida kadrlarni tanlash, malakasini oshirish va karerasini shakllantirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Tanlovlar ochiq va adolatli tarzda, yagona portal orqali amalga oshiriladi.
2026 yildan boshlab davlat xizmatiga ilk bor qabul qilingan xodimlar bilan shartnoma avval bir yilga tuziladi. Ular majburiy kurslarda o‘qib, har uch yilda malaka oshirishi shart bo‘ladi. Ular bilim, rahbarlik qobiliyati, kompyuter savodxonligi, qonunchilik, davlat tili va chet tillarini bilish darajasi bo‘yicha tekshiriladi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilari uchun xizmat safarlarini yuritish va tahlil qilish «Xizmat safari» elektron moduli orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, 1 sentyabrdan «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushirilib, o‘zaro muloqot va rivojlanish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur islohotlar davlat fuqarolik xizmatini samarali va professional asosda tashkil etish, kadrlarni shaffof tarzda tanlash hamda xizmat samaradorligini oshirishni maqsad qilgan.





