«Dekret» pulini onlayn hisoblash xizmati ishga tushdi
Ayollar homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi miqdorini my.gov.uz portali orqali bir necha daqiqada tekshirishi mumkin.

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘lanadigan nafaqa miqdorini onlayn aniqlash imkonini beruvchi yangi xizmat ishga tushirildi. Endi fuqarolar bu ma’lumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bilishlari mumkin.
Yangi xizmat portalning «Ijtimoiy himoya» bo‘limida joylashgan. U orqali foydalanuvchilar o‘zlarining ijtimoiy sug‘urta tizimidagi stajini tekshirishlari, shuningdek, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha hisoblanadigan nafaqa miqdorini bilishlari mumkin.
Xizmat fuqarolarga avval amalga oshirilgan to‘lovlar haqida ham ma’lumot beradi. Barcha ma’lumotlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi ma’lumotlar bazasi asosida shakllantiriladi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan taqdim etiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda taqdim etiladi. Bu esa fuqarolarga o‘zlariga tegishli to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni mustaqil ravishda tekshirish imkonini beradi.
«Dekret» puli qanday hisoblanadi?
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi 2025-yil dekabrida ijtimoiy sug‘urta tizimi doirasida nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini tasdiqlagan edi. Unga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdori xodimaning ijtimoiy sug‘urta stajiga bog‘liq holda belgilanadi.
Agar sug‘urta staji 10 oydan 24 oygacha bo‘lsa, nafaqa o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizini tashkil etadi. 25 oydan 60 oygacha bo‘lgan staj uchun to‘lov 85 foiz miqdorida belgilangan.
Sug‘urta staji 61 oy va undan ortiq bo‘lgan xodimalar esa homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida nafaqa oladi.





