
«Deyarli mukammal bo‘ron» — Yevropada gaz narxlari ikki haftada 50 foizga oshdi
Yevropada gaz narxlari so‘nggi ikki hafta ichida 2023 yil oktabridan beri eng tez sur’atlarda qimmatladi. Sovuq ob-havo va zaxiralar yetishmasligi fondida bozorda keskin burilish yuz berdi.

So‘nggi ikki haftada Yevropa gaz bozorida narxlar 1,5 barobargacha o‘sdi va 1000 metr kub uchun 500 AQSH dollari chegarasidan oshib ketdi. Asosiy sabab — yanvar oyida kutilmaganda kuchaygan sovuqlar va isitish mavsumi oldidan yetarli darajada to‘ldirilmagan gaz omborlari.
Narxlarda keskin burilish
Yanvarning birinchi haftasida «Dutch TTF» fyucherslari 26–28 yevro/MWh atrofida savdo qilingan edi. Bu daraja gaz narxi 2025 yil davomida 40 foizdan ortiq arzonlashganini anglatardi. Biroq 22-yanvar kuni kotirovkalar 41,86 yevro/MWhʼgacha ko‘tarilib, bu 1000 metr kub uchun taxminan 516,7 dollarni tashkil qildi. Keyinchalik narx 38 yevro atrofida barqarorlashdi.
«Bozordagi kayfiyat to‘liq o‘zgardi — buni deyarli mukammal bo‘ron, deb atash mumkin», — dedi «Global Risk Management» kompaniyasining bosh tahlilchisi Arne Loman Rasmussen.
Sovuq va zaxiralar muammosi
Keskin sovuqlar va qor yog‘ishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari isitish mavsumi boshlanishidan oldin gaz omborlarini talab etilgan 90 foiz darajagacha to‘ldirishga ulgurmagan. Uzoq vaqt davom etgan bozor barqarorligi treyderlarda xavfsizlik hissini kuchaytirgan.
Natijada, Yevropa Ittifoqi soyuz gaz omborlarining to‘ldirilganlik darajasi 48,4 foizgacha tushib ketdi. Bu esa so‘nggi besh yilda shu davr uchun o‘rtacha 65 foizlik ko‘rsatkichidan ancha past.
Treyderlar va bozor volatilligi
STG ishlab chiqarish hajmlari global miqyosda o‘sgan bo‘lsa-da, uning asosiy qismi Yevropaga yo‘naltirilgan. Xitoyda esa iqtisodiy sekinlashuv va qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasining oshishi talabni cheklab qo‘ygan. Shu bois ko‘plab treyderlar gaz narxi yana pasayadi, degan umidda pozitsiya ochgan edi.
Biroq talab keskin oshgach, narx pasayishiga o‘ynagan ishtirokchilar ommaviy ravishda kontraktlarni yopishga majbur bo‘ldi va bu o‘sishni yanada tezlashtirdi. «Gaz bozori hali ham ob-havo, ta’minot uzilishlari va global talab o‘zgarishlariga juda sezgir», — deydi HSBC tahlilchisi Sadnan Ali.
Shu bilan birga, hozirgi narxlar 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan yuzaga kelgan energetik inqiroz paytidagi cho‘qqidan qariyb 10 barobar pastligicha qolmoqda.





