add

Donald Tramp: «Neft yana 10 dollar arzonlasa, Rossiya urushni to‘xtatadi»

06.08.2025 | 08:4034154

AQSH prezidenti Rossiya iqtisodiy tanazzulda ekanini ta’kidladi va neft narxi pasayishi Putinni urushni to‘xtatishga majbur qilishini aytdi.

Donald Tramp: «Neft yana 10 dollar arzonlasa, Rossiya urushni to‘xtatadi»
5 avgust kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi urushiga nuqta qo‘yishi ehtimoli haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Brent nefti narxi yana 10 ga tashlasa, Rossiya urushni to‘xtatishga majbur bo‘ladi, chunki «Putinda boshqa yo‘l qolmaydi», deb uning so‘zlarini keltirmoqda DW. Tramp Putinning iqtisodiy ahvoli og‘ir ekanini ta’kidladi va uning «o‘ldirishni to‘xtatishi» kerakligini bildirdi. Shuningdek, u Hindistonga nisbatan olib borilayotgan so‘nggi boj siyosatini ham sharhladi. Unga ko‘ra, Hindiston Rossiya neftini sotib olish orqali «Rossiyaning harbiy mashinasi»ni quvvatlamoqda. Tramp bu davlatga nisbatan joriy 25 foizlik bojni kelasi 24 soatda oshirish niyatida ekanini bildirdi. Hafta boshidan buyon Brent nefti narxi 71–72 dollardan 68 dollargacha pasaydi. Bu jarayonga OPEC+ning sentyabrdan boshlab neft ishlab chiqarish hajmini oshirish qarori, Braziliyada katta neft konlarining ochilishi va Hindiston hamda Xitoyning Rossiya neftini xarid qilishni davom ettirishi haqidagi xabarlar ta’sir qildi. Shu bilan birga, Rossiyada AI-95 markali benzin narxi ikkinchi kun ketma-ket rekord darajaga yetdi. 5 avgustda tonnasining narxi 77 967 rublga chiqdi. Bunga, ehtimol, 2 avgust kuni Ukraina dronlari tomonidan Novokuybishevsk va Ryazandagi neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan zarbalar sabab bo‘lgan. 14 iyul kuni Tramp Rossiyaga 50 kunlik muhlat berib, agar urush to‘xtatilmasa, 100 foizli ikkinchi darajali sanksiyalar joriy etilishini aytgan edi. 28 iyul kuni u bu muhlatni 10–12 kunga qisqartirdi. Uning maxsus vakili Stiven Uitkoff 6 yoki 7 avgust kuni Moskvani yana bir bor tashrif bilan boradi. Kreml rasmiylari Trampning tahdidlariga javoban Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalarga «immunitet» hosil qilganini ma’lum qildi. Putin esa, Reuters manbalariga ko‘ra, Trampning ultimatumiga javob qaytarishni istamaydi, chunki u urushda g‘alaba qozonishiga ishonmoqda.

Teglar

Mavzuga oid