
«E-qaror» tizimida «yashirilgan» qarorlarni Aksilkorrupsiya agentligi nazorat qiladi
O‘tgan ikki yil davomida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan «E-qaror» axborot tizimida «yashirilgan» maqomi bilan e’lon qilingan qaror va farmoyishlarga jami 7,4 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

«E-qaror» elektron tizimida qabul qilinayotgan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga topshirildi. Bu haqda 2025 yil 30-dekabr kuni imzolangan prezident farmonida qayd etilgan. Qaror davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni «E-qaror» tizimida asossiz ravishda e’lon qilmaslik qonunbuzarlik deb hisoblanadi. Bunday holatlar davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish sifatida baholanadi hamda mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Shuningdek, agentlikka mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi bo‘lgan «E-qaror» orqali qabul qilinayotgan hujjatlar bilan to‘siqsiz tanishish huquqi berildi. Bu qarorlarning mazmuni, asoslanishi va e’lon qilinishi yuzasidan doimiy monitoring olib borish imkonini yaratadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan «E-qaror» axborot tizimida «yashirilgan» maqomi bilan e’lon qilingan qaror va farmoyishlar orqali jami 7,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu holat ochiqlik talablariga amal qilishda jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
2024 yil hamda 2025 yilning o‘n oyi davomida qabul qilingan 24 ming 217 ta hujjatning 37 foizi «yashirilgan» maqomda e’lon qilingan. Jamoatchilikka oshkor etilmagan, mablag‘ ajratish bilan bog‘liq qarorlar soni 1911 tani tashkil etgan. Yangi tartib ushbu amaliyotga chek qo‘yishni maqsad qilgan.





