
Endi Latviyaga boradigan o‘zbekistonliklar safar maqsadini oldindan ma’lum qilishi kerak bo‘ladi
31.08.2025 | 17:0044303
1 sentyabrdan boshlab Latviyaga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun 48 soat oldin xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

1 sentyabrdan boshlab Shengen vizasi yoki Yevropa Ittifoqining boshqa davlati tomonidan berilgan yashash guvohnomasi bilan kelayotgan uchinchi davlatlar fuqarolari, jumladan o‘zbekistonliklar, mamlakatga tashrifidan oldindan xabar berishi shart bo‘ladi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Latviya immigratsiya to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan berilgan Shengen vizasi yoki yashash guvohnomasi asosida kelayotgan fuqarolar kamida 48 soat oldin eta.gov.lv sayti orqali o‘zlari haqida ma’lumot taqdim etishi shart. Bu qoida Latviya orqali tranzit safarini amalga oshiradigan yo‘lovchilarga ham taalluqli.
Kiruvchi shaxs safar maqsadi, bo‘lish vaqti va manzili, yo‘nalish, aloqa ma’lumotlari, shuningdek, o‘zi yoki qarindoshlarining davlat idoralaridagi lavozimlari yoki harbiy xizmatdagi faoliyati haqida ma’lumot taqdim etishi lozim. Tasdiq javobi elektron pochta orqali keladi.
Latviya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, noto‘g‘ri yoki to‘liqsiz ma’lumot taqdim etgan chet elliklar ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Yangi tartib diplomatik immunitetga ega shaxslarga va xizmat vazifasi yoki texnik yordam uchun qisqa muddatga Latviyaga kelayotganlarga tatbiq etilmaydi.





