
Energiyadan noqonuniy foydalanish holatlari 622 mlrd so‘m zarar keltirdi
18.07.2025 | 11:4542882
2025 yil boshidan buyon 1,3 mingdan ortiq iste’molchi tomonidan gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari qayd etildi. Bu davlatga 622 mlrd so‘m zarar yetkazgan.
Joriy yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 1 394 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.
Tekshiruvlarga ko‘ra, noqonuniy iste’mol natijasida davlat manfaatlariga 622,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Xususan, 118,8 mln metr kub tabiiy gaz (qiymati 294,8 mlrd so‘m) va 197,1 mln kWh elektr energiyasi (327,5 mlrd so‘m) noqonuniy ishlatilgan.
2023–2025 yillarda avtotransportlarga gaz quyish kompressor shoxobchalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida esa 182 ta holatda 457,8 mln metr kub, ya’ni 755,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlangan. Bu miqdor 91 mingdan ortiq xonadonning yillik gaz ehtiyojiga teng.
Barcha qoidbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rilishi uchun hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.





