
Eron katerlari AQSH tankerini egallashga urindi
Ormuz bo‘g‘ozida Eronning harbiy katerlari AQSH bayrog‘i ostida suzib ketayotgan «Stena Imperative» tankeriga yaqinlashdi. Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kema mamlakatning hududiy suvlariga kirgan. Keyinroq AQSHning «F-35» qiruvchisi Eron dronini urib tushirgan.

Eronning oltita qurollangan kateri Ormuz bo‘g‘ozida, Ummondan taxminan 30 km shimolda, Amerika bayrog‘i ostida harakatlanayotgan «Stena Imperative» tankeriga yaqinlashdi. Bu haqda kecha, 3-fevral kuni «Reuters» agentligi va «The Wall Street Journal» gazetasi vaziyatdan xabardor, ismi oshkor etilmagan manbalar hamda «Vanguard Tech» konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron katerlaridan tanker ekipajiga dvigatelni o‘chirish va abordajga (bir kemaning boshqa kemani kuch bilan egallash yoki tekshirish uchun unga chiqib olishi) tayyorlanish haqida buyruq berilgan. Biroq «Stena Imperative» tezligini oshirib, harakatni davom ettirgan va keyinchalik AQSH harbiy kemasi kuzatuvida yo‘lini davom ettirgan.
Eronning «Fars» axborot agentligi mamlakat rasmiylariga tayanib ma’lum qilishicha, tanker Islom Respublikasining hududiy suvlariga kirgan, ogohlantirishdan so‘ng esa xavfsizlikka oid «hech qanday jiddiy hodisalarsiz» hududni tark etgan. «Reuters» esa o‘z manbalariga tayanib, mazkur kema Eron hududiy suvlariga kirmaganini ta’kidlamoqda.
Ormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi, Arab dengizi va Hind okeani bilan bog‘laydi. Ushbu dengiz yo‘li orqali jahon neft qazib olish hajmining taxminan beshdan bir qismi tashiladi. 2025 yil iyun oyida Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi vakili AQSH tomonidan hujum bo‘lsa, Ormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.
AQSH qiruvchisi Eron dronini urib tushirdi
«Bloomberg» va «Associated Press» agentliklarining yozishicha, tanker bilan bog‘liq hodisadan biroz o‘tgach, AQSHning «F-35C» qiruvchisi Arab dengizida AQSHning «USS Abraham Lincoln» avianosetsi tomon yo‘nalgan Eron dronini urib tushirgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, dron avianosetsga “noaniq niyatlar bilan tajovuzkorona yaqinlashgan” va xalqaro suvlarda harakat qilayotgan AQSH qo‘shinlari tomonidan keskinlikni pasaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralarga qaramay, uning tomon parvozni davom ettirgan.
Tramp tahdidlari fonida Tehron Vashington bilan muloqotga tayyor
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan yangragan navbatdagi harbiy tahdidlardan so‘ng mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bildirdi, deb xabar qildi 1-fevral kuni «Irna» davlat agentligi. Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, Eron «hech qachon urushga intilmagan va hozir ham unga intilmayapti».
Shu kuni Eron oliy rahbari oyatullo Ali Xomanaiy agar Vashington harbiy harakatlarni boshlasa, «bu safar mintaqaviy urush bo‘ladi», deb ogohlantirdi.
«Biz hech qachon boshlovchi emasmiz va biron-bir davlatga hujum qilishni istamaymiz. Ammo Eron xalqiga hujum qilgan yoki tahdid solgan har kim qat’iy javob oladi», – dedi 86 yoshli Xomanaiy davlat televideniyesi orqali.
Tramp: Umid qilaman, kelishuvga erishamiz
Oq uy rahbari esa Tehronga bosimni kuchaytirib, yana harbiy choralar bilan tahdid qildi. U Eron tomon qo‘shimcha harbiy kemalar yo‘l olayotganini aytdi.
«Va umid qilaman, biz kelishuvga erishamiz», – dedi Tramp 30-yanvar kuni Oq uyda jurnalistlarga.
Keyinroq Floridaga uchib ketayotgan samolyot bortida u o‘z umidlarini aniqlab: «Ular maqbul bir narsa bo‘yicha kelishib olishlariga umid qilaman», – dedi Tramp.
AQSH prezidenti bir necha bor Eron rahbariyatiga harbiy zarbalar bilan tahdid qilgan, jumladan, hukumatga qarshi namoyishlarni shafqatsiz bostirish bilan bog‘liq holda ham. Biroq 31-yanvar kuni Tramp Tehronga nisbatan qanday yo‘l tutishni muzokaralar natijalariga qarab hal qilishini bildirdi. Yanvar boshidan beri mintaqada AQSH harbiy ishtiroki ancha kuchaytirildi, xususan «Abraham Lincoln» avianosetsi va uni kuzatib keluvchi kemalar yetib keldi.
Vashington Eron bilan uning yadroviy dasturini to‘xtatish va ballistik raketalarni ishlab chiqishni cheklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ular 6-fevral kuniga belgilangan. «Axios» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati uchrashuvni Istanbuldan Ummonga ko‘chirishni talab qilmoqda.





