
Favqulodda vaziyatlar vaziri Ichki ishlar vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi
Prezident farmoni bilan Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev ishdan bo‘shatildi, o‘rniga Botir Qudratxo‘jayev ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni va qarori bilan Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
Botir Qudratxo‘jayev 2025 yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlangan edi. Ushbu tayinlov munosabati bilan u O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – Harbiy prokuror lavozimidan ozod etilgan.
U mehnat faoliyati davomida asosan prokuratura organlarida ishlagan. Xususan, 2014–2016 yillarda Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, keyin esa viloyat prokurori bo‘lgan. 2016–2017 yillarda Toshkent shahar prokurori lavozimida faoliyat yuritgan.
2017 yil iyunidan 2020 yil oktabriga qadar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori bo‘lib ishlagan. 2020 yildan Xorazm viloyati prokurori, 2022 yil noyabr oyidan esa Bosh prokuror o‘rinbosari – Harbiy prokuror lavozimida faoliyat olib borgan.





