Fevralda biznes faolligi sezilarli darajada jonlandi — ITIM
O‘zbekistonda fevral oyida ishbilarmonlik faolligi jadal o‘sib, bank operatsiyalari, birja savdolari va yangi korxonalar sonida yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi 1124 birlikni tashkil etib, yanvarga nisbatan 12,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Asosiy o‘sish manbalari
O‘tgan oyda korxonalarning bank hisob-varaqlaridagi operatsiyalar soni 22 foizga ko‘paydi. Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasida xomashyo xaridlari 10,6 foizga o‘sdi. Faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 0,9 foizga, tovar belgilari esa 9,4 foizga ortgan.

Hududiy kesimda ham yuqori o‘sish kuzatildi. Xususan, Andijon (44,8 foiz), Sirdaryo (41,7 foiz), Toshkent (33,3 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (28,2 foiz) ishbilarmonlik faolligi sezilarli oshdi. Faqat Qoraqalpog‘istonda ko‘rsatkich 0,5 foizga kamaygan.

To‘lovlar va tranzaksiyalar o‘sishi
Fevralda banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6,7 milliontadan oshib, yanvarga nisbatan 22 foizga ko‘paydi. Ayniqsa, Toshkent shahri (24,1 foiz), Surxondaryo (23,3 foiz), Samarqand (21,4 foiz) va Navoiy viloyatida pul o‘tkazmalari keskin oshgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda pasayish ham qayd etildi. Jumladan, Sirdaryoda 8,1 foizga, Qoraqalpog‘istonda esa 1,6 foizga kamayish kuzatildi.
Birja savdolarida ham ijobiy dinamika saqlandi. Savdo hajmi 10,6 foizga, bitimlar soni esa 36,2 foizga oshdi. Biroq har bir bitim bo‘yicha o‘rtacha tovar hajmi 15,1 foizga qisqargan.
Yangi bizneslar ko‘paymoqda
Fevral oyida 4 079 ta yangi korxona tashkil etildi. Natijada jami kompaniyalar soni 508,5 mingtaga yetdi. Yirik korxonalar 51 taga ko‘payib, 4 161 taga yetgan.
Kichik biznes subyektlari soni 3,9 mingtaga oshib, 415,1 mingtaga yetdi. Fermer xo‘jaliklari ham 36 taga ko‘payib, umumiy soni 89,2 mingtani tashkil etdi.
Umuman olganda, fevral oyida qayd etilgan ko‘rsatkichlar mamlakatda iqtisodiy faollik tiklanayotgani va biznes muhitida ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida ham O‘zbekistonda biznes faolligi barqaror o‘sish tendensiyasini boshdan kechirgan edi. O‘tgan oyda soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,2 foizga, bojxona to‘lovlari yillik hisobda 19,8 foizga o‘sgan.




