
Financial Times: Turkiya va Isroil o‘rtasida mojaro xavfi oshib bormoqda
06.07.2025 | 14:0032095
Financial Times tahliliga ko‘ra, Yaqin Sharqda Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. Suriyadagi manfaatlar to‘qnashuvi va ikki davlatning mintaqaviy taassuflari ehtimoliy harbiy qarama-qarshilikka olib borishi mumkin.
Financial Times nashrining yozishicha, Isroil va Turkiya o‘rtasida qarama-qarshilik so‘nggi paytlarda yanada keskinlashgan. Xususan, 12 kunlik Isroil va Eron o‘rtasidagi urush mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirgan. Isroil o‘zini mintaqaning yetakchi kuchiga aylantirishga intilmoqda, Turkiya esa bundan jiddiy xavotirga tushgan.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan yaqinda Islom hamkorlik tashkiloti yig‘ilishida «Falastin, Livan, Suriya, Yaman yoki Eron muammosi yo‘q, asosiy muammo Isroil» deb bayonot berdi. Turkiya rasmiylari Isroilning mintaqada faol kuchayishi Anqara uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf deb baholamoqda.
Isroil tomonida esa Turkiyaning ta’siri Erondan ham katta tahdid sifatida ko‘rilayotgani qayd etilgan. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning XAMASni ochiq qo‘llab-quvvatlashi Isroil hukumatida qattiq norozilik uyg‘otgan. Shu sababli Isroil Suriya kurdlari bilan aloqalarni kuchaytirmoqda, bu esa Anqarani yanada bezovta qilmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, Suriyadagi vaziyat eng yaqin mojaro nuqtasiga aylanishi mumkin. Turkiya bu yerda o‘z ta’sirini kuchaytirib, shimoliy hududlarni nazorat qilmoqda. Isroil esa janubda bufer zonalar yaratib, kurdlar va druzlarga yordam bermoqda. 2025 yil aprel oyida Isroil Turkiya uchun mo‘ljallangan harbiy bazani bombardimon qilgan.
Hozirgi kunda ikki mamlakat o‘rtasida faqat harbiy aloqa uchun telefon liniyasi mavjud, ammo keng qamrovli diplomatik muzokaralar to‘xtagan. Turkiya Isroilning Eronga qarshi urushda qo‘llagan yuqori aniqlikdagi havo zarbalari va razvedka imkoniyatlaridan saboq chiqarmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu vaziyatda ikki ittifoqchini bir-biriga qarshi qo‘ymaslik uchun diplomatik yechim izlamoqda. G‘azo urushi tugatilishi Turkiyaning asosiy e’tirozlarini yumshatishi mumkin, lekin ikki davlat o‘rtasidagi raqobat uzoq muddatli bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Financial Times tahlilchisi Aslы Aydыntashbashning ta’kidlashicha, Turkiya va Isroil ko‘p yillar AQSHning mintaqaviy tayanchlari bo‘lgan, ammo endi bu ikki kuchning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshiligi yangi xavf manbai bo‘lib chiqmoqda.





