
Fors ko‘rfazi falaj bo‘ldi
23.06.2025 | 22:3546762
Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish tahdididan so‘ng Fors ko‘rfazidagi vaziyat yomonlashdi: mingga yaqin kema bilan tirbandlik yuzaga keldi, shuningdek, GPS tizimidagi uzilishlar kuchayib, to‘qnashuvlar xavfi oshdi.

S&P Global ma’lumotlariga ko‘ra, kema tashish kompaniyalari bo‘g‘oz orqali tranzitni faqat kunduzgi soatlar bilan cheklagan — endilikda kemalar odatdagi 24 soatlik harakat o‘rniga faqat 16–18 soat oralig‘ida suzib o‘tishi mumkin.
Tanker kompaniyalaridan birining vakili muammolar faqatgina hujum tahdidlari bilan cheklanib qolmayotganini ta’kidlagan. Mintaqadan yuklarni olib chiqish logistikasining o‘zi ulkan muammoga aylangan.
Bundan tashqari, GPS signallariga to‘sqinlik sabab kemalar bilan aloqa tobora yo‘qolib borayotganini xabar qilinmoqda. Kemachilik kompaniyasi direktorlaridan biri hatto kemalarga hujumlar bo‘lmagan taqdirda ham to‘qnashuvlar ehtimoli juda yuqori ekanligini ta’kidlagan, chunki bunday sharoitda boshqa kemalarning aniq joylashuvini aniqlash imkonsiz.





