Fridrix Mers uchun «falokat»: Turkiyalik muhojirlar farzandi Berlin meri bo‘lishi kutilmoqda
Germaniyaning Berlin va Meklenburg hududlarida o‘tgan mahalliy saylovlarda kansler Mersning Xristian-demokratik ittifoqi partiyasi mag‘lubiyatga uchradi.

Germaniyada 20-sentabr kuni Berlin hamda Meklenburg — Old Pomeraniya federal yerida saylovlar bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, kansler Fridrix Mers boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoqi («XDI») har ikki hududdagi saylovda mag‘lubiyatga uchradi.
Berlindagi Vakillar palatasi uchun o‘tkazilgan saylovda «So‘llar partiyasi» («Die Linke»), Meklenburgdagi mahalliy parlament (landtag) saylovida esa o‘ta o‘ng qanot vakillari — «Germaniya uchun muqobil» («AfD») partiyasi birinchi o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, har ikki partiya avvalgi saylovlarga nisbatan o‘z natijasini ikki barobarga yaxshilagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Berlinda «So‘llar partiyasi» 25,7 foiz ovoz to‘plagan. Bu 2023 yildagi ko‘rsatkichdan 13,5 foizga ko‘p. O‘tgan saylov g‘olibi bo‘lgan «XDI» bu safar 18,8 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘ringa tushdi (oldingi natijadan 9,4 foizga kam). Kuchli beshlikni «AfD» (16,3 foiz), «Yashillar» (14,3 foiz) hamda Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (12,1 foiz) yakunlab berdi.
Qolgan partiyalar, jumladan, «Sara Vagenknext ittifoqi» («BSW») parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan 5 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi.
Bu Berlin saylovlari tarixida «So‘llar» uchun eng yaxshi natija bo‘ldi. Partiyaning so‘nggi yillardagi rebrendingi va tarkibining keskin yangilangani mazkur muvaffaqiyatga asos bo‘lgani aytilmoqda. Endilikda partiya rahbariyatida asosan yosh siyosatchilar, xususan, xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda va ularning aksariyati o‘ta o‘ngchi «AfD»ga keskin qarshi pozitsiyada turadi.
Uy-joy muammosi g‘alaba keltirdi
«So‘llar» o‘z saylovoldi dasturini poytaxtliklar uchun eng og‘riqli masala — uy-joy muammosiga qaratdi. Ular shaharga qarashli kvartiralarda ijara haqini cheklash hamda yirik xususiy ijarachilarga tegishli 220 mingga yaqin kvartirani jamoat mulkiga o‘tkazish va’dasi bilan saylovchilar ishonchini qozondi.
Aynan shu dolzarb kun tartibi va va’da qilingan islohotlar sababli partiya tarafdorlari safi bor-yo‘g‘i bir yil ichida ikki barobarga кенgaйgaн.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Berlin meri kursini «So‘llar» yetakchisi — 45 yoshli Elif Eralp egallashi kutilmoqda. «Financial Times» nashri uni «Berlinning Mamdaniga javobi» deb atadi. Eralp — 1980 yilgi harbiy to‘ntarishdan so‘ng Turkiyadan qochib o‘tgan muhojirlar oilasida tug‘ilgan. U Berlin rahbariyatida muhojirlik o‘tmishiga ega bo‘lgan ilk siyosatchiga aylanishi mumkin.
Meklenburgda o‘ta o‘nglarning g‘alabasi va kansler partiyasining inqirozi
Dastlabki natijalarga ko‘ra, Meklenburg — Old Pomeraniyada «AfD» 38,2 foiz ovoz to‘pladi. Bu 2021 yildagi saylovga nisbatan ikki barobar ko‘p. Ushbu hududda uzoq vaqt hukmronlik qilib kelgan sotsial-demokratlar bu safar 35,5 foiz bilan ikkinchi o‘ringa tushdi. Shuningdek, mahalliy parlamentga «So‘llar partiyasi» 6,5 foiz va «Yashillar» 5,7 foiz ovoz bilan kirishga muvaffaq bo‘ldi.
«XDI» esa bor-yo‘g‘i 4,9 foiz ovoz to‘plab, yirik mag‘lubiyatga uchradi. Partiya 5 foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi va o‘z tarixida ilk bor federal hududlardan birining parlamentidan chetda qoldi. Shuningdek, 4,8 foiz ovoz olgan «Sara Vagenknext ittifoqi» ham landtagga kira olmadi.
Hudud bosh vaziri Manuela Shvezig o‘ta o‘nglarning bu g‘alabasini mintaqa aholisining Ukrainadagi urushga hamda Rossiya gaziga bo‘lgan munosabati bilan izohladi.
«Birinchidan, bizning hududda ko‘pchilik Ukrainani moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqmoqda. «AfD» esa o‘z tashviqotini aynan shunga asosladi. Ikkinchidan, aholining katta qismi «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berilishi tiklanishini istaydi», — deydi Shvezig.
Kansler Fridrix Mers dastlabki ekzit-pollardan so‘ng «XDI»ning natijasini «falokat» deb atadi. Shunday bo‘lsa-da, u kansler va partiya raisi sifatida o‘z o‘rnida qolishini hamda islohotlar yo‘lini davom ettirishini ma’lum qildi.





