add

Gazdagi uzilish va kondensatlar ortidan 2,2 mlrd so‘m asossiz haq undirilgan

29.07.2025 | 17:0041283

Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz tarqatish jarayonida aholidan ortiqcha mablag‘ olinishini aniqladi. Ushbu holat 5 ta viloyatda kuzatilgan bo‘lib, jami 1,5 ming tonna og‘ir qoldiq — kondensat uchun 2,2 mlrd so‘mga yaqin asossiz haq undirilgan.

Gazdagi uzilish va kondensatlar ortidan 2,2 mlrd so‘m asossiz haq undirilgan
2025 yilning o‘tgan qismida Raqobat qo‘mitasiga suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 19 487 ta murojaat kelib tushgan (https://t.me/RaqobatGovUz/10782). Bu holat sohada tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu asosda «Hududgazta’minot» AJ va uning hududiy filiallarida tekshiruvlar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida tarqatilgan maishiy gaz ballonlarida 1,5 ming tonna kondensat aniqlangan. Bu esa fuqarolardan jami 2,2 mlrd so‘m ortiqcha haq undirilishiga sabab bo‘lgan. Navoiy viloyatida 92,9 tonna kondensat uchun aholidan 125,4 mln so‘m, Surxondaryoda esa 490,2 tonna qoldiq suyuqlik uchun 766 mln so‘m undirilgan. Xususan, Surxondaryodagi 79 nafar iste’molchidan 125,7 mln so‘m ortiqcha hisoblangan, qolgani esa ballonlardagi og‘ir qoldiqlar hisobiga to‘plangan. Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu holatlarda qonun buzilishi aniqlangan va iste’molchilarga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Mazkur muammolar bo‘yicha o‘rganishlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev iyun oyida suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar uchun mutasaddilarni tanqid qilib, ikki haftada yechim topish talabini qo‘ygan edi. Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida aholi murojaatlarining 70 foizi gaz muammolari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid